Prezident Zomin texnoparkidagi loyihalar bilan tanishdi
Bu yerda noutbuk, planshet, server, router kabi zamonaviy mahsulotlar ham ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarning qariyb 70 foizi tashqi bozorga yoʻnaltiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida boʻlib turibdi.
Davlat rahbari Zomin texnoparkida rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Ushbu texnopark 400 gektar maydonda barpo etilmoqda. Birinchi bosqichda 9 loyiha boʻyicha ishlar boshlangan. Endi ikkinchi bosqich doirasida yana 5 ta loyiha shakllantirilgan.
Jumladan, “Longze Investment Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda xavfsizlik va tibbiyot texnikalari, “Foxit” kompaniyasi bilan noutbuk, planshet, server, router kabi zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish moʻljallanmoqda. Shuningdek, charm va sport poyabzallari, qurilish materiallari, chinni idishlar, kimyo mahsulotlari boʻyicha loyihalar koʻzda tutilgan.

Ularning umumiy qiymati 250 million dollar atrofida boʻlib, yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarning qariyb 70 foizi tashqi bozorga yoʻnaltiriladi.
Jizzax viloyatida xorijiy investitsiyalar miqdori yil sayin oʻsib bormoqda. 2018 yilda viloyatda bor-yoʻgʻi 18 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan boʻlsa, oʻtgan yili bu raqam 1 milliard dollardan oshgan. Oxirgi sakkiz yilda viloyatga 3,7 milliard dollar investitsiya kiritilgan, 4 mingdan ziyod sanoat korxonalari ishga tushgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 tadan oshgan.
