Ozdiruvchi qahvalarning siri fosh boʻldi
DXX va Bosh prokuratura Gʻijduvonda tezkor tadbir oʻtkazdi.

Buxoroda tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi narkotik moddalar boʻlgan ozdiruvchi qahvalar savdosiga chek qoʻyildi.
Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departament hamkorligida Gʻijduvon tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda 40 yoshli muqaddam sudlangan fuqaroning uyi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan.
Natijada chet elda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan quyidagi dori vositalari topilgan:
- 34 050 dona KETO COFFEE MIX SLIM COFFEE;
- 2790 dona SLT SLIM LUX COFFEE;
- 3000 dona HOODIA CACTUS SLIMMING COFFEE;
- 720 dona SLIM GREEN COFFEE;
- 5280 dona NATURE COMPLEX LK FAT BURNING;
- 1000 dona “LAO SE LON”;
- 12 132 dona FIT90 FAT BURNER;
- 13 392 dona “REDUKSIN LAYT”;
- 23 292 dona “SЫNZIShOU PLUS” va boshqalar.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM xulosasiga koʻra, mazkur dori vositalari tarkibida “sibutramin” moddasi mavjud boʻlib, Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi 818-sonli qaroriga koʻra sibutramin kuchli taʼsir qiluvchi narkotik moddalar roʻyxatiga kiritilgan.
Holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1 moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.