Oʻzbekiston JSTga qoʻshilish borasida Shveysariya bilan muzokaralarni yakunladi
Ushbu mamlakat Oʻzbekistonning tashkilotga kirishi boʻyicha protokolni imzolagan 25-davlat boʻldi.

Oʻzbekiston JSTga qoʻshilish borasida Shveysariya bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST boʻyicha vakili Azizbek Urunov xabar qildi.
21 iyul kuni Jenevada tomonlar Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish jarayoni doirasida Shveysariya bilan bozorga kirish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisidagi protokolni imzoladi.
Azizbek Oʻrunov tashkilotga toʻliq aʼzo boʻlish uchun bir nechta davlat bilan kelishuvga erishish qolganini aytdi.
"Bajarilgan katta va konstruktiv ish uchun ikkala jamoaga — Oʻzbekiston va Shveysariya jamoalariga minnatdorlik bildirmoqchiman. Uzun roʻyxat tugadi, orqaga sanash boshlandi!" — deb yozdi Azizbek Urunov Linkedin tarmogʻidagi sahifasida.
Shveysariya Oʻzbekiston bozorga kirish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisidagi protokolni imzolagan 25-davlat boʻldi.
May oyida Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha Buyuk Britaniya bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagandi.