Surxondaryoda bir guruh bank mansabdorlari 93 mlrd soʻmni talon-toroj qilgani aniqlandi
Ular umumiy jinoiy maqsad yoʻlida uydirma (fiktiv) omonat va kredit hisoblarini ochganlar.

Oʻzbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari boʻyicha taftish instansiyasida bir guruh bank mansabdorlariga oid ajrim ishi koʻrib chiqildi. Ish 2025 yil 16 iyul sanasida koʻrilgan.
Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi B. A. X bankning Sherobod filiali bosh hisobchisi, D.D esa bank hisobchisi sifatida ishlagan, Q.B. esa kredit inspektori, T.Oʻ bank bosh yuristi, S.E axborot texnologiyalari boʻlim boshligʻi, Z.O. plastik karta boʻlimi mutaxassisi sifatida ishlab kelgan.
Ular umumiy jinoiy maqsad yoʻlida uydirma (fiktiv) omonat va kredit hisoblarini ochganlar. Omonatchilar sifatida aniqlashtirilmagan shaxslar koʻrsatilib, hujjatlar soxtalashtirilgan. Shu asosda bank dasturi — "iABS" orqali omonat hisob raqamlari ochilib, moʻljal qilingan pul mablagʻlari rasmiylashtirilgan.
Jinoyat guruhi mablagʻlarni naqdlashtirish uchun turli banklardan foydalangan. Ular orqali bank kartalariga pul oʻtkazilib, soʻng bankomatlardan yechib olingan. Jami 93 mlrd soʻmdan oshiq mablagʻ ushbu sxema asosida oʻzlashtirib yuborilgan.
Sud jarayonida maʼlum boʻlishicha, ushbu pullardan ayrimlari avtomobil, uy-joy va boshqa mol-mulklar sotib olishga sarflangan.
Ayrim mulklar uchinchi shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan.
Sud tergov davomida aniqlagan zararning umumiy summasi 10 milliard soʻmdan ortiq ekanligi koʻrsatilgan.
Aybdorlarga Jinoyat ishlari boʻyicha Qashqadaryo viloyat sudining 2020 yil 2 noyabrdagi hukmiga koʻra, 7,5 yildan qamoq jazosi berilgan.
B.A va uning otasi tomonidan maʼlum miqdorda mablagʻ qaytarilgan, shuningdek, ayrim sudlanganlar tomonidan ham pul va mulk shaklida qoplash harakatlari amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, fuqarolik daʼvogar sifatida ishtirok etgan bank vakillari keltirilgan moddiy zarar uchun solidar javobgarlik belgilashni soʻrashgan.
Sud ushbu talabni qanoatlantirgan. Har bir mahkumdan keltirilgan zararni solidar tartibda undirish yuzasidan qaror qabul qilingan.
Yakuniy hukmga koʻra, jami olti nafar sudlanuvchiga belgilangan jazo oʻzgarishsiz qoldirildi.
Ularning rahbarlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarda ishlash huquqi 2,5 yilgacha cheklangan.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.