Namanganda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari qoʻlga olindi
Ular "Islom Davlati Xuroson Viloyati" xalqaro terroristik tashkilotining yashirin "jamoati" hisoblangan.

Namangan shahrida xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida “Islom Davlati Xuroson Viloyati” xalqaro terroristik tashkilotining yashirin “jamoati” fosh etildi.
Guruhning 16 nafar aʼzolarining yashash manzillari koʻzdan kechirilib, 37 ta uyali aloqa vositalari, 51 dona nashriyoti koʻrsatilmagan diniy adabiyotlar, 40 ta DVD disk, 4 ta flesh-karta hamda Notebook va planshet ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Davlatobod tumanida yashovchi fuqaro tomonidan tashkil etilgan “jamoat” yigʻilishlarida xalqaro terroristik tashkilotlar gʻoyaviy rahnamolarining “jihod” va “shahidlik”ka chorlovchi daʼvatlari faol targʻib qilingan.
Qolaversa, jamoat yetakchisi “Telegram” messenjerida jami 120 nafardan ortiq aʼzosi boʻlgan virtual kanal va guruhlar tashkil qilib, ularda “Islom Davlati” terroristik tashkiloti atributlari, ekstremistik materiallar hamda “jihodiy” mazmundagi audio-video fayllarni tarqatgan hamda jamoat aʼzolari bilan oʻzaro muhokamalar qilgan.
Shuningdek, mazkur virtual kanallarda yoshlarni “shariat hukmi” asosida “jihodiy” ruhda ulgʻaytirish va mamlakatimizdagi siyosiy, ijtimoiy-diniy islohotlarga qarshi norozi kayfiyatda tarbiyalash orqali “Islomiy davlat” asoslarini omma orasida targʻib qilishga qaratilgan “post”lar va diniy daʼvatlar joylashtirib kelingan.
Taʼkidlash lozimki, jamoat yetakchisi 2022 yilda Turkiyaning Istambul shahrida tashkil qilingan “hujra”da diniy saboq olishi natijasida uning qarashlarida keskin oʻzgarishlar sodir boʻlgan. Bundan xabar topgan otasi qizining notoʻgʻri yoʻlda ekanligi boʻyicha nasihat qilganida, u oʻz padari buzrukvorini “kofir”ga chiqargan.
Hozirda guruh tashkilotchisi va 3 nafar faol aʼzosiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Guruhning qolgan aʼzolariga nisbatan ham surishtiruv ishlari olib borilmoqda.