Ekologiya vazirligi Murod Nazarovning daraxt kesish boʻyicha fikrlari boʻyicha tekshiruv oʻtkazilishi kerakligini aytdi
"Oʻz chiqishida Nazarov har qanday yoʻl bilan daraxt kesish boʻyicha turli “usullar” qoʻllanilayotganini tilga oldi. Vazirlik uning daraxt kesishda qoʻllayotgan yondashuvlarini atroflicha tekshirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan toʻliq taftish oʻtkazilishi zarur", deyiladi bayonotda.

Ekologiya vazirligi Murod Nazarovning daraxt kesish boʻyicha takliflariga keskin munosabat berdi. Vazirlik tadbirkorning fikrlari yuzasidan tekshiruv oʻtkazilishi kerak deya hisoblaydi.
Vazirlik Savdo-sanoat palatasining ochiq muloqotida tadbirkor Murad Nazarov tomonidan daraxt kesishga joriy etilgan moratoriy oʻrniga kompensatsion ekish va “daraxtlar banki” tizimini joriy etish taklifi bilan tanishdi.
Vazirlik quyidagilarni alohida taʼkidlash zarur deb hisoblagan:
Oʻzbekiston dengiz va okeanlarga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan mamlakat sifatida, kislorod manbalari va karbonat angidridni yutish imkoniyatidan mahrum. Shu bilan birga, hududning 60% dan ortigʻi choʻl va yarim choʻllardan iborat boʻlib, iqlim oʻzgarishlariga nisbatan juda zaif hisoblanadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim isishi global oʻrtacha koʻrsatkichlardan ikki baravar tezroq ketmoqda. Soʻnggi 30 yilda mintaqada harorat 1,5° ga koʻtarilgan boʻlsa, bu global oʻrtacha 0,7° ga teng.
Shunday sharoitda yashil hududlar ekologik muvozanatni saqlashda hayotiy ahamiyatga ega boʻlib, daraxt kesishga qarshi moratoriy aynan shu maqsadni koʻzlagan.
Rivojlangan davlatlar tajribasi daraxt kesishga qatʼiy cheklovlar atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror shaharlashuvning samarali vositasi ekanini koʻrsatmoqda:
Germaniyada nafaqat oʻrmonlar, balki shahar daraxtlari ham qonun bilan muhofaza qilingan. Jamoat joylaridagi noqonuniy kesilgan har bir daraxt uchun 50 000 yevrogacha jarima belgilanadi. Bunday holatlarda kompensatsion choralar qatʼiy nazorat ostida boʻladi.
Buyuk Britaniyada Tree Preversion buzilishi uchun 20 000 funtgacha jarima yoki cheklanmagan jarima va ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. 2023 yilda mashhur Cysamore Gap daraxtini kesgan shaxs 4 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilingan.
Qozogʻistonda Jinoyat kodeksining 340-moddasiga koʻra, noqonuniy daraxt kesish oylik hisoblash koʻrsatkichining 160 baravari (taxminan 1 181 AQSh dollari) miqdorida jarima yoki 40 kungacha hibs jazosi bilan jazolanadi. Mulk musodara qilinishi ham mumkin.
Rossiyada Jinoyat kodeksining 260-moddasi asosida 1 million rublgacha (12 770 AQSh dollari) jarima yoki 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi mavjud. Shuningdek, texnika musodara qilinishi va zarar kompensatsiyasi ham talab qilinadi.
Bu misollar shuni koʻrsatadiki, hattoki iqlimi qulayroq davlatlarda ham daraxtlarni muhofaza qilish boʻyicha qattiq chora-tadbirlar mavjud.
Taqqoslash uchun, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 79-moddasida fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 25–50 baravari (738–1470 AQSh dollari), mansabdor shaxs uchun esa BHMning 50–75 baravari (1470–2210 AQSh dollari) miqdorida jarima belgilangani qayd etilgan. Shuning uchun moratoriyani saqlash va kuchaytirish ekologik barqarorlikning muhim chorasi sifatida koʻrilmoqda.
Taklif qilinayotgan kompensatsion ekishlar va “daraxtlar banki” mavjud moratoriyga quyidagi sabablar tufayli toʻliq alternativ boʻla olmaydi:
1.Voyaga yetgan daraxtni hech qanday koʻchat toʻliq almashtira olmaydi — na CO₂ yutish hajmi, na mikroiqlimga taʼsiri, na biologik xilma-xillik boʻyicha.
Yevropa atrof-muhit agentligi maʼlumotlariga koʻra, bitta daraxt yiliga 21 kg CO₂ ni yutadi. Birorta ham koʻchat bu funksiyani oʻn yillab yillar davomida bajara olmaydi.
2.“Daraxtlar banki” amaliyoti sunʼiy ravishda korrupsiya va spekulyatsiyalarni yuzaga keltirishi mumkin. Human Right Watchʼning "Wild Money" tadqiqotiga koʻra, ayrim mamlakatlarda kompensatsion ekinlar noqonuniy daraxt kesishni yashirishga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekistonda esa kompensatsion ekinlar — mavjud maʼmuriy yoki jinoiy javobgarliklarga qoʻshimcha choradir, lekin muqobil emas.
Ayrim qurilish sohasi vakillari ekologik qonunchilikni chetlab oʻtish uchun kinoya bilan aytganda “ijodkorona” yondashuvlarni qoʻllamoqda.
Masalan, daraxtlarni sunʼiy quritish orqali keyin ularni qonuniy tarzda kesishga urinish — bunday amaliyotlarning yaqqol misolidir, deyiladi bayonotda.
"Oʻz chiqishida Nazarov har qanday yoʻl bilan daraxt kesish boʻyicha turli “usullar” qoʻllanilayotganini tilga oldi. Shu munosabat bilan, Vazirlik uning daraxt kesishda qoʻllayotgan yondashuvlarini atroflicha tekshirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan toʻliq taftish oʻtkazilishi zarur, deb hisoblaydi. Ushbu oʻrganish natijalari uning oldingi faoliyati yuzasidan tegishli xulosalar chiqarish imkonini beradi, deb umid qilamiz", deyiladi xabarda.