Surxondaryoda direktor oʻqituvchilarga ustama yozib, pullarni talon-taroj qilib yubordi
U sudda oʻz aybiga iqror boʻlgan va zararlarni qoplagan.

2025 yil 25 iyun kuni jinoyat ishlari boʻyicha Uzun tumani sudida oʻqituvchilarga pul mablagʻlari yozib, oʻzlashtirib yuborgan rahbarga sud hukmi oʻqildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Sud hujjatida aytilishicha, fuqaro XX 2018-2022 yillarda tumandagi 31-maktabga rahbarlik qilgan. U oʻz vakolatidan foydalangan holda, mansabdor shaxs boʻlib, oʻzgalar bilan til biriktirgan. Jumladan, 2021-2022 oʻquv yilida UZASBO tizimi orqali soxta maʼlumotlar asosida 10 oʻqituvchiga jami 24 mln 244 ming soʻm ustama yozib, oʻzganing mulkini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
2023 yil aprelda jinoiy harakatlarini davom ettirib, 9 holatda oʻqituvchilarga 26 mln 913 ming soʻm ustama mablagʻlarini ortiqcha toʻlab yuborgan. 2023-2024 yillarda esa yana 9 holatda 9 oʻqituvchiga 25 mln 554 ming soʻm pul yozib, talon-toroj qilgan.
Sudlanuvchi XX jarayonda oʻz aybiga iqrorlik bildirdi.
Sud uning pushaymonligi, 3 nafar farzandi borligi, zararlarni qoplagani, daʼvogarlarning daʼvosi yoʻqligini yengillashtiruvchi holat deya baholadi.
Yakuniy hukmga koʻra, ayblanuvchi XX bir yil muddatga davlat organlarida mansabdor lavozimida ishlash huquqidan mahrum etilib, ish haqining 20 foizini davlatga toʻlagan holda 2,5 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari tayinlandi.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.
Avvalroq ijaraga olingan mashinalarni birovlarga pullab yuborgan firibgarga hukm oʻqilgandi.