Moʻgʻulistondan 100 ming bosh mayda shoxli mol olib kelinadi
Naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ularning soni 2029 yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkaziladi.

Moʻgʻulistondan 100 ming bosh mayda shoxli mol olib kelinadi va ularning soni milliongacha yetkaziladi.
Prezidentining "Moʻgʻulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori eʼlon qilindi.
Prezident qarori bilan 2025–2026 yillarda Moʻgʻulistondan Oʻzbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelinadi va ularni mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida koʻpaytirish orqali ularning sonini 2029 yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkaziladi.
2025 yil 1 avgustdan 2027 yil 31 dekabrga qadar Moʻgʻulistondan mayda shoxli mollarni Oʻzbekistonga import qilishda tadbirkorlik subʼektlariga:
- havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi;
- QQSni toʻlash muddatini foizlar hisoblanmagan holda toʻlov taʼminotisiz kechiktirib toʻlash imkoniyati beriladi.
Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining Moʻgʻulistondan mayda shoxli mollarni Oʻzbekistonga import qilishda quyidagi takliflariga rozilik berildi:
- chorvachilik yoʻnalishida jalb qilingan xalqaro moliya institutlarining kredit mablagʻlarini tadbirkorlik subʼektlariga yillik 10 foiz stavkada (shundan 3 foiz bank marjasi) 5 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi;
- tadbirkorlik subʼektlariga ajratiladigan kredit mablagʻlari uchun sugʻurta mexanizmidan foydalangan holda mol-mulk garov taʼminotini 50 foizgacha etib belgilanadi.
Buxoro, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari bir hafta muddatda mayda shoxli mollarni parvarishlash uchun ozuqa yeri, chorvachilik majmuasi va mutaxassisi (veterinar) mavjud boʻlgan tadbirkorlar roʻyxatini shakllantiradi.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi 2026 yil yakuniga qadar Moʻgʻulistonga sovuqqa chidamli va serhosil 10 ming dona meva koʻchatlarini tomchilatib sugʻorish texnologiyalari bilan birga yetkazadi hamda 15 gektar yer maydonida zamonaviy sanoatlashgan intensiv bogʻ tashkil etishga koʻmaklashadi.
Bunda meva koʻchatlari va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini sotib olib, uni Moʻgʻulistonga yetkazish xarajatlarini qoplash Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi “Agrosanoat innovatorlari” MChJ tomonidan amalga oshiriladi.