platina.uz
Maqola

Koʻrinmas front jangchilari: xususiy razvedka xizmatlari

Ular axborot urushining noaniq, lekin juda kuchli quroliga aylanmoqda, na jurnalist, na diplomat va na davlat xizmatchisi hisoblanadi. Ular axborotni faqat oladi va sotadi, bunda axloqiy yoki siyosiy meʼyorlar, maʼnaviy-gʻoyaviy omillar, vatanparvarlik va boshqa jihatlar ikkinchi oʻrinda turadi.

Koʻrinmas front jangchilari: xususiy razvedka xizmatlari

Kapitalizm sharoitida biror sohaning xususiy boʻlishi hech kimni hayratga solmaydi. Davlat tuzilmalari – vazirlik, departament va xizmatlar faqat nazorat qilish, muvofiqlashtirish va tartibga solish funksiyasini bajaradi xolos. Hozirda koʻpchilik davlatlarda jinoiy qidiruv sohasida xususiy detektivlar, xususiy qoʻriqlash xizmatlari va hatto xususiy armiyalar – harbiy kompaniyalarga ham ruxsat berilgan. Biroq ayrim sohalar borki, hatto hozir oʻzini eng demokratik hisoblovchi jamiyatlarda ham, masalan, AQShda faqat davlatga tegishli. Razvedka va kontrrazvedka faoliyati faqat davlat vakolatiga kiradi. Biroq Amerikada huquqni himoya qilish faoliyatining asoslari xususiy faoliyat ustiga qurilgan.

Amerika misolida xususiy razvedka tarixi

Xususiy razvedkadan daromad olish maqsadida foydalanishgan ilk harakatlar XVIII-XIX asrlarga borib taqaladi. Britaniya va Fransiyadagi koloniyalar davrida savdo kompaniyalari (masalan, Britaniya sharqiy Hindiston kompaniyasi – British East India Company) oʻzlarining “axborot agentlari”ga ega boʻlgan.

Amerikada esa Britaniyadan mustaqil boʻlishga intilishlar va fuqarolik urushi davrida davlat razvedka xizmatlari deyarli yoʻq edi. Ularning vazifasini turli xususiy detektivlik idoralari va qoʻriqlash xizmatlari bajargan. Masalan, qidiruvdagi jinoyatchilarni va qochoq qora tanli qullarni topib kelishda davlat hozirgi tilda “austsorsing” asosida ular xizmatidan foydalangan.

Aytaylik, Allan Pinkerton (1819-1884) asos solgan “Pinkerton detektiv agentligi” jinoyatchi va talonchilarning qayerdaligini aniqlab, sherifga xabar qilgan va mukofot olgan. 1850 yilda mahalliy prokuror bilan hamkorlikda “Shimoli-Gʻarbiy politsiya agentligi”ga (keyinchalik Pinkerton & Co) asos soldi.

Maʼlumki, AQSh hududlari kengaygani sari temiryoʻlda yuk tashish hajmi ham orta bordi. Ularni talaydigan bosqinchi toʻdalar koʻpaydi. Pinkerton yigitlari ularga qarshi kurashda muhim rol oʻynadi. Chunki sherif va politsiyachilar soni juda oz edi.

Fuqarolik urushida Pinkerton Shimoliy ittifoq razvedkasiga boshliq boʻldi. Uning agentlari oddiy askar, fermer va boshqa kasb egalari niqobida maʼlumot yigʻish va turli jinoyatlarning oldini olish bilan shugʻullandi.

Pinkerton agentligi xodimlari davlat yoki raqobatchi kompaniyalar buyurtmalarini bajarib, ishchilarning ish tashlashi va sabotajlarni bostirish bilan ham shugʻullangan. Buning uchun kasaba uyushmalari orasiga oʻz odamlarini kiritib, kerakli maʼlumotlar olish, ularni obroʻsizlantirish, rejalashtirilgan tadbirlarni yoʻqqa chiqarish va boshqa koʻplab uslublardan foydalangan.

Urushdan keyin Pinkerton agentlari razvedka va kontrazvedka faoliyati bilan davlatga yordam berdi. Pinkerton agentligi asosida AQSh “Maxfiy xizmati” (U.S. Secret service) tuzildi. Avvaliga qimmatli qogʻozlar va pullarni qalbakilashtirishga qarshi kurashgan bu agentlikka keyinchalik eng muhim vazifa – AQSh prezidenti va uning oilasi, shuningdek, ular ishlaydigan va yashaydigan binolar xavfsizligini taʼminlash vazifasi yuklatildi.

Bu xizmat hozir ham 2 vazifa – soxta pul yasovchilarga qarshi kurash va prezidentni himoya qilish bilan shugʻullanadi.

Pinkertonning bir gapi uning faoliyatini tushunishga xizmat qiladi: “Maqsad – haqiqatni topish emas, balki haqiqatni kimga yetkazishni aniqlash”.

Hozirgi jamiyatlarda xususiy razvedka

Bir paytlar faqat davlatlarning huquqi boʻlgan josuslik – bugungi global bozorda tijorat faoliyatiga aylangan. Endi axborot uchun kurashda nafaqat davlatlar, balki korporatsiyalar, boylar va hatto raqobatchi siyosatchilar ham ishtirok etmoqda. Ular kimga murojaat qilishadi? Javob oddiy – xususiy razvedka agentliklariga.

2020 yildan beri dunyoda xususiy razvedkalarga talab 30 foizga oshgani aytiladi (Global Risk Report, 2023). Bu raqam shunchaki ishchilar yoki kompaniyalar emas, balki davlatlar, jamoalar, hatto oligarxlar tomonidan koʻpaygan buyurtmalar hisobidan oshgan.

Umuman olganda hozirda xalqaro korporatsiyalar (masalan, Shell, BP), siyosiy partiyalar va siyosatchilar, maxsus xizmatlar bilan aloqasi boʻlgan davlatlar, oligarxlar, biznesmenlar va hatto jinoiy guruhlar xususiy razvedka xizmatlarining asosiy mijozlari hisoblanadi.

Xususiy razvedka iqtisodiy va sanoat josusligi, internet va kiber-qidiruv, raqibni shantaj qilish uchun kompromat maʼlumot yigʻish, faollarni kuzatish va diskreditatsiya qilish (obroʻsizlantirish), ijtimoiy fikrni shakllantirish va “jarayonlarni boshqarish” – yaʼni ommaviy manipulyatsiya bilan shugʻullanadi.

Ammo asosiy soha sanoat (korporativ) josuslik, yaʼni biznes kompaniyalarning faoliyati bilan bogʻliq barcha maʼlumotlarni aniqlash va raqobachilariga yetkazish hisoblanadi.

2022 yilda faqatgina Yevropa Ittifoqida 500 dan ortiq xususiy razvedka kompaniyalari roʻyxatga olingan. Ularning umumiy daromadi – 6,2 milliard yevroni tashkil etgan.

Yaqin kelajakda esa xususiy razvedkalar asosan Kiberrazvedka va SI integratsiyasi: avtomatlashtirilgan kuzatuv, feyk maʼlumotlar yaratish, faoliyat hududini kengaytirish, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda manipulyatsiya vositasida jamoatchilikka taʼsir koʻrsatishga koʻproq eʼtibor qaratishi kutilmoqda.

Qonunchilik bilan murosa

Hozirda dunyo boʻyicha xususiy razvedkalar faoliyatini tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi aniq xalqaro konvensiya mavjud emas. Eng koʻp holatlarda ular davlat nazoratidan tashqarida faoliyat yuritadi. Koʻp hollarda mamlakat byudjetiga chang solmagani bois xalq yoki davlat oldida hisob bermaydi. Qolaversa, oʻzi tashkil topgan mamlakat qonunlariga rioya qilsa, uning sirlarini sotish bilan shugʻullanmasa, ularni biror-bir jinoyatda ayblashning ham imkoni boʻlmaydi.

Masalan, AQShda ular ustidan nazorat boʻlsa-da, amalda keng erkinlik berilgan. Yevropa Ittifoqida esa har bir davlat oʻz milliy qonunchiligi asosida ular ustidan nazorat oʻrnatishga intiladi. Osiyo davlatlarida bu borada hatto maxsus qonunlar ham yoʻq. Sobiq kommunistik davlatlarda xuddi xususiy detektiv agentliklariga ruxsat berilmagani kabi, xususiy razvedga tashkilotlari ham qonuniy roʻyxatga olinmaydi.

Toʻgʻri, Rossiyada “Vagner” kabi xususiy harbiy kompaniyalar mavjud. Ammo aslida ular xufyona tarzda davlat tomonidan, davlat byudjeti asosida tashkil etiladi va moliyalashtiriladi. Tabiiyki, ular Rossiya rahbariyati topshiriqlarini bajaradi. Ammo biror muammo chiqsa, Kreml ulardan tonadi va ushbu muammo xalqaro mojaroga aylanmasligiga erishadi.

Xullas, koʻp hollarda bunday tashkilotlar davlatlar tomonidan rasmiy litsenziyalanmagan. Qonunlar ular faoliyatini toʻliq nazorat qilish va cheklashning uddasidan chiqmaydi. Hatto baʼzi davlatlar ulardan qonuniy yoʻl bilan foydalanadi.

Xususiy razvedka xizmatlarining qulay jihatlari

Xususiy razvedka agentliklari davlat xizmatlarining ham, xususiy biznes tuzilmalarning ham buyurtmalarini bajarishi mumkin. Davlat uchun qulay jihati – ular davlat topshirigʻini bajarsa-da, goʻyoki oʻz tashabbusi bilan ish olib boradi. Tasavvur qiling, Yevropadagi biror maxfiy mahsulot ishlab chiqarish korxonasida maʼlumot olishga uringan rus josusini ushlab olishsa, qanchalik toʻpolon koʻtariladi. Biroq raqobatchi firmaning xodimi ayni shu maʼlumot bilan qiziqib qoʻlga tushsa, qanchalik ahamiyatsiz koʻriladi?! Aslida har ikki toifa ham maqsadiga erishsa, bu korxona yoki davlatga bir xil zarar yetkaza oladi.

Shuningdek, xususiy josuslardan voz kechish ham qulay. Ularni tayyorlash va oʻqitish uchun, qoʻshimcha ijtimoiy yordam turlari uchun qimmatli resurslar sarflash shart emas. Ular qoʻlga tushib qolsa, tergov va qiynoqlar oqibatida butun davlat razvedkasi borasida maʼlumotlarni oshkor qila olmaydi va boshqa koʻplab qulayliklar mavjud.

Xususiy razvedka xizmatlarining salbiy jihatlari

Eng katta xavf – bu xususiy razvedka agentliklarining masʼuliyati va majburiyatlari cheklangan. Ularni toʻla nazorat qilish, jazolash va boshqa manipulyatsiya imkoniyatlari ham cheklangan. Qolaversa, sizga biror maʼlumot keltirgan xususiy agent bu maʼlumotni boshqalarga oshkor qilmasligi va sotmasligiga kafolat yoʻq. Agar u “ikki tomonlama” agent boʻlsa-chi? Sizga ham, raqibingizga ham xizmat qilayotgan boʻlsa-chi? Bir mashhur josus aytganidek, "pul uchun sizga axborot sotadigan kishi – ikki barobar pul uchun sizni oʻzingizni ham sotib yuborishi mumkin."

Qolaversa, siz bilan ishlagan agentlik tegishli maʼlumotlardan sizni oʻzingizni shantaj qilish uchun ham foydalanishi ehtimoldan xoli emas.

Toʻgʻri, xuddi boshqa sohalarda boʻlgani kabi bunday xizmatlar bilan tegishli maʼlumotlarni oshkor qilmaslik borasida shartnoma (NDA – Non-disclosure agreement) imzolanadi. Shu asosda ularga moliyaviy jazo va jarimalar qoʻllanishi, shuningdek, boshqa maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortishlariga erishish mumkin. Ammo maxfiy faoliyatni ochiq sudlarga olib chiqish va katta shovqin koʻtarishni hamma ham istamaydi.

Birgina umid – xususiy razvedka agentliklari oʻz obroʻsini saqlab qolishga intilishida koʻrinadi. Koʻpchilik agentliklar biror buyurtmachi bilan muammoga borish, keyingi buyurtmalar va mijozlarning sifati va soniga yomon taʼsir qilishidan qoʻrqishadi.

Shu bois, Gʻarbdagi koʻplab yirik kompaniyalarning oʻz ichki xavfsizlik boshqarmalari, razvedka va kontrrazvedka boʻlinmalari mavjud. Davlat maxfiy xizmatlarida ishlagan va nafaqaga chiqqan xodimlar ularda katta maosh evaziga ishlashadi. Bunday tayyor xodimlar kompaniyaning katta moliyaviy va boshqa imkoniyatlaridan foydalanib, davlat josuslaridan koʻra koʻproq yutuqqa erisha oladi. Masalan, raqobatchi firmalarning sirlaridan voqif boʻlish yoki raqib kompaniyalarning josuslari taʼsirining oldini olish borasida faoliyat yuritishadi.

Bundan tashqari, biznes tuzilmalar oʻz maxfiy ishlanmalarini qattiq sir tutishgani bois, bu masalaga davlat maxsus idoralari yoki begona xususiy razvedka agentliklarini ham aralashtirishni istamasligi mumkin.

Xususiy razvedka tashkilotlarining yana bir salbiy jihati, ularning xodimlarida davlatga ishlovchi hamkasblariga nisbatan motivatsiya kamroq boʻladi. Shuningdek, davlat idoralari bilan oʻzaro maʼlumot almashuvi, faoliyatni muvofiqlashtirish kabi jihatlar ham imkonsiz. Bu jihatlar murakkab topshiriqlarni bajarishga toʻsqinlik qilishi mumkin.

Taxmin emas, tahdid

Xususiy razvedka zamonaviy axborot urushining noaniq, lekin juda kuchli quroliga aylanmoqda. Ular na jurnalist, na diplomat va na davlat xizmatchisi hisoblanadi. Ular axborotni faqat oladi va sotadi va bunda axloqiy yoki siyosiy meʼyorlar, maʼnaviy-gʻoyaviy omillar, vatanparvarlik va boshqa jihatlar ikkinchi oʻrinda turadi.

Nodavlat razvedka xizmatlari “korporativ josuslik” shaklida, faqat iqtisodiy axborot olish bilan ish boshlagan boʻlsa, bugun ular siyosiy jarayonlarga ham aralashtirilmoqda. Ular axborot davrining maxfiy quroliga aylandi. Ular har kuni yangidan-yangi “janglar”ni yutib bermoqda. Ammo bu gʻalabalar qanchaga tushyapti? Va kimga xizmat qilyapti, shunisi qiziq.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid