Namanganda hokim yordamchisiga hukm oʻqildi
U turli MChJlar nomiga kreditlar ajratilishiga erishib, pullarni talon-toroj qilgan.

2025 yil 24 iyun kuni jinoyat ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tuman sudining ochiq sayyor sud majlisida fuqarolar nomiga turli maqsadlar uchun olingan kreditlarni oʻzlashtirib yuborgan hokim yordamchisi ishi koʻrildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, XXX Yangiqoʻrgʻon tumani “Sohibkor” MFY hududi yonidagi dexqon bozorida ishlab kelgan. U tadbirkorlik loyihasida javobgar shaxs va hokim yordamchisi lavozimida ishlagan, “A.Temur” XTFA boʻlimi va bank oʻrtasida tuzilgan shartnomalar asosida ajratilgan mablagʻlarning kredit hujjatlariga qalbaki maʼlumotlar kiritish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Jumladan, “KRISSTALL FIRM” MChJ rahbari M.I. bilan oldindan oʻzaro jinoiy til biriktirib, bir guruh boʻlib, mototransport sotib olish maqsadida 32 mln soʻm ajratilgan kredit mablagʻlarini naqdlashtirish orqali maqsadsiz sarflab yuborgan. Ikkinchi holatda 20 mln soʻm, soʻngra 27,5 mln soʻm, yana ikki holatda 32,5 mln soʻm, motokultivator sotib olish maqsadida ajratilgan 30 mln soʻm va boshqa kredit mablagʻlarini olib, ularni ham oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Sudda soʻralgan sudlanuvchi XXX aybiga toʻliq iqror boʻlib, ish boʻyicha yetkazilgan zararlar toʻliq qoplanganini, qilgan qilmishidan chin koʻngildan pushaymondaligini bayon qilib, suddan oʻziga nisbatan qonuniy yengillik berilishini soʻrab koʻrsatuv berdi. Uning aybi hujjatlar, tushuntirish xatlari, guvohlarning koʻrsatuvlari va jinoyat ishida toʻplangan boshqa dalillar bilan toʻliq oʻz isbotini topdi.
Yakuniy hukmga koʻra, XXX.ga 3 yil 9 oy 24 kun muddatga ishlash va oʻqish vaqtidan, ish va oʻqish joyigacha borishi va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur boʻlgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda uy-joyidan chiqishni cheklashdan iborat ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.
Sudlanuvchiga oʻzi tomonidan yetkazilgan 20.163.000 soʻm zararni oʻrnini qoplash majburiyati yuklatildi.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.