Axborot sohasida nazorat va monitoring yangi tashkilotga oʻtkazildi
Prezident davlat boshqaruviga oid farmonni imzoladi. Administratsiya matbuot xizmati media-markazi negizida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etildi.

Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik oshiriladi.
“Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-111-son, 14.07.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra:
-Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatilib uning axborot sohasida nazorat va monitoring boʻyicha vazifa va funksiyalari Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga oʻtkazildi;
-Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markaz Administratsiya boʻysunuviga oʻtkazildi;
-Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi;
-Administratsiya Matbuot xizmati media-markazi negizida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etildi;
-Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi;
-Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Administratsiya boʻysunuviga oʻtkazildi.
2025 yil 1 sentabrgacha quyidagilarga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi:
-byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, takrorlanuvchi nazorat funksiyalarini bekor qilish, qaror qabul qilishda shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashga qaratilgan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini oshirish;
-hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish borasida mahalliy hokimliklar iqtisodiy, maʼmuriy va moliyaviy vakolatlarini yanada kengaytirish.
Eslatib oʻtamiz, prezident farmoni bilan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatilgandi.