43 mlrd soʻmga yaqin davlat xaridlari bekor qilindi
Birgina Toshkent shahrida 27,7 mlrd soʻmlik tender savdolarida raqobatga zid holatlar aniqlangan.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan 43,0 mlrd soʻmga yaqin davlat xaridlarida raqobatga zid harakatlar aniqlandi. Natijada ularning buyurtmachilar tomonidan bekor qilinishi taʼminlandi.
Andijon viloyati
Andijon viloyati Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazi (11,0 mln soʻm) tomonidan "Choyshab va koʻrpa xaridi" boʻyicha oʻtkazilgan tanlovda ishtirokchilar noxolis baholangani aniqlangan. Oʻrganish davomida tanlov savdosi buyurtmachi tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilindi.
Jizzax viloyati
Viloyat futbol akademiyasi (1 760,0 mln soʻm) tomonidan “Autsorsing xizmati boʻyicha” oʻtkazilgan tanlovda raqobatni cheklovchi talablar belgilanganligi aniqlangan. Qonunbuzilish holatlari buyurtmachi tomonidan savdoni bekor qilish orqali ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganligi bois qoʻzgʻatilgan ishni qoʻrib chiqish tugatildi.
Qashqadaryo viloyati
Qamashi tuman obodonlashtirish boshqarmasi (1 148,0 mln soʻm) tomonidan "Avtogreyder xaridi" boʻyicha oʻtkazilgan tanlovda baholash mezonlari yoʻqligi va ishtirokchilar noxolis baholanganligi holatlari kuzatilgan. Oʻrganish davomida ushbu tanlov buyurtmachi tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilinishiga erishildi.
Samarqand viloyati
8 ta davlat buyurtmachilari (Paxtachi tuman obodonlashtirish boshqarmasi, "SAMARQAND AVTOMOBIL ZAVODI" MChJ, Narpay tuman ixtisoslashtirilgan maktab, Samarqand HUJFK, Paxtachi tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi, "Oʻzyoʻlkoʻprik" klasterining Samarqand filiali, "Ozodlik" DM, Paxtachi tuman 2-son kasb-hunar maktabi va Bulungʻur tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi) tomonidan oʻtkazilgan 12,4 mlrd soʻmlik tanlovlarda raqobat qonunchiligiga zid holatlar aniqlandi. Oʻrganish davomida ushbu tanlov savdolari buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilinib, qonunbuzilish holatlari bartaraf etilishiga erishildi.
Xorazm viloyati
Bogʻot tumanidagi ixtisoslashtirilgan sport maktab-internati (1 438,0 mln soʻm), Urganch tumani hokimligi (43,7 mln soʻm) va Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali (29,8 mln soʻm) tomonidan oʻtkazilgan tanlovlarda raqobat qonunchiligiga zid holatlar aniqlanib, hududiy boshqarmaning ogohlantirish xatlariga asosan ushbu tanlov savdolari buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilinishiga erishildi.
Toshkent shahri
“Texnik meʼyorlash instituti”, “Uzbekistan Airways” AJ, “Xalq banki” ATB, "Biznesni rivojlantirish banki" ATB, “FK Bunyodkor” MChJ, “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi AT markazi” kabi oʻndan ortiq davlat buyurtmachilari tomonidan oʻtkazilgan umumiy boshlangʻich narxi 25 731,4 mln. soʻm boʻlgan tanlov (tender) savdolarida raqobatga zid holatlar kuzatildi.
Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan mazkur buyurtmachilarga nisbatan ishlar qoʻzgʻatilib, ularni koʻrib chiqish davrida buyurtmachilar tomonidan savdolarni bekor qilinishiga erishildi.
Avval Raqobat qoʻmitasi koʻrsatmasi bilan Mobiuz tarif rejaga oʻtishda cheklovni bekor qilgandi.