Toshkentda 177 ta bank kartasidan pul oʻgʻirlagan jinoiy guruh aniqlandi
Ish doirasida jami 1 mlrd soʻmga yaqin pul mablagʻi oʻzlashtirib yuborilgan.

Toshkentda bank kartalaridan pul oʻgʻirlagan jinoiy guruh aniqlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Jinoiy guruh 177 bank kartasidan pul oʻgʻirlagan.
Ular fuqarolarga virusli APK fayllarni yuborgan va bu orqali telefon va bank karta maʼlumotlarini qoʻlga kiritgan.
Gumondor shaxslarning telefon qurilmalari koʻzdan kechirilganda 177 ta bank kartasidan 1 mlrd soʻmga yaqin pul mablagʻi oʻgʻrilik yoʻli bilan oʻtkazma qilingani, bu harakatlar call-markaz orqali boshqarilgani maʼlum boʻlgan.
Hozirda mazkur jinoiy guruhning respublika hudududidagi boshqa aʼzolarini aniqlash boʻyicha tezkor qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.
Avvalroq Toshkentdagi Tenge bankʼdan 90 ming dollar oʻgʻirlaganlar ushlangandi.