Surxondaryoda advokat 50 ming dollar bilan ushlandi
U ayblanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga pora talab qilgan.

Surxondaryoda advokat 50 ming dollar bilan ushlandi.
Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik hayʼati advokati ichki ishlar idoralari tomonidan qoʻzgʻatilib, hozirda jinoyat ishlari boʻyicha mazkur tuman sudida koʻrilayotgan jinoyat ishi boʻyicha sud idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali ayblanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 60 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX va Prokuratura xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda advokat soʻralgan pul mablagʻidan 50 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avval Xonobod tumani hokimi oʻrinbosari ushlangandi.