Mobiuz Raqobat qoʻmitasi koʻrsatmasini bajardi
Kompaniya tomonidan tarif rejaga oʻtish faqat mobil ilova orqali amalga oshirilishi belgilangan. Qoʻmita aralashuvidan keyin jarayonga oʻzgartirish kiritildi.

Raqobat qoʻmitasi koʻrsatmasiga koʻra “UMS” MChJ (Mobiuz) qator oʻzgarishlar joriy etdi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan mobil aloqa operatorlari xizmatlarida isteʼmolchilar huquqlari va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha tahlil va nazorat ishlari olib borilmoqda.
“Telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish qoidalari”ga (roʻyxat raqami 3275, 30.06.2020 y.) muvofiq, mobil xizmatlar tarifikatsiyasi abonent holatini yomonlashtirmasligi va isteʼmolchi manfaatlariga zid boʻlmasligi lozim.
Qoʻmita oʻrganishlari davomida “UMS” MChJ (Mobiuz) tomonidan joriy qilingan “Mazza!” tarif rejasiga oʻtish faqat mobil ilova orqali amalga oshirilishi belgilanganligi aniqlandi. Bu esa, isteʼmolchilar tanlov huquqini cheklash hamda mobil ilovaga majburiy tarzda yoʻnaltirish holatiga olib kelgan.
Qoʻmita koʻrsatmasiga asosan, mazkur tarifga oʻtish imkoniyati mobil ilova bilan bir qatorda kompaniya ofislarida ham yaratildi va isteʼmolchilar bu haqda xabardor qilindi.
Shuningdek, koʻplab tariflarda oylik abonent toʻlovi uchun mablagʻ yetishmaganda avtomatik ravishda kunlik abonent toʻloviga oʻtish tartibi joriy etilgan. Biroq, ushbu xizmatni mustaqil boshqarish (oʻchirish yoki faollashtirish) imkoniyati mavjud boʻlishiga qaramay, koʻplab abonentlar bu haqda xabardor emasligi Qoʻmitaga kelib tushayotgan murojaatlar orqali maʼlum boʻldi.
Qoʻmita koʻrsatmasiga muvofiq, kompaniya tomonidan “kundalik abonent toʻlovi rejimiga oʻtish” xizmatini boshqarish imkoniyati haqida rasmiy saytda eʼlon joylashtirildi hamda bunday xizmatga ulangan abonentlarga SMS xabarnoma yuborilib, xizmatni boshqarish usullari tushuntirildi.
Ushbu oʻrinda, Raqobat qoʻmitasi "UMS" (Mobiuz) tomonidan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan berilgan koʻrsatmani oʻz vaqtida bajarilganligini olqishlagan va boshqa mobil aloqa operatorlarini ham yuqoridagilardan kelib chiqib, oʻz xizmat koʻrsatish qoidalarini muvofiqlashtirib borishga chaqirgan.
Shu bilan birga, qoʻmita Beeline mobil aloqa operatori bilan oylik va kunlik abonent toʻlovlari shartlarini qayta koʻrib chiqish ishlari olib borilayotgani maʼlum qilgan.
Avvalroq oʻttizdan oshiq tashkilot monopol mavqega ega deb topilgandi.