platina.uz
Jamiyat

Xonobod shahar hokimi oʻrinbosari ushlandi

Andijon tumani hokimining sobiq oʻrinbosari va Andijon shahar statistika boʻlimi boshligʻi esa 600 ming dollarga yer sotmoqchi boʻlganda qoʻlga tushdi. 

Xonobod shahar hokimi oʻrinbosari ushlandi

Hokim oʻrinbosari, statistika va pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari rahbarlari ushlandi.

Andijon viloyatining Xonobod shahar hokimi oʻrinbosari va spirtli ichimliklar savdosi bilan shugʻullanuvchi MChJning muqaddam sudlangan rahbari oʻzaro til biriktirgan. U mahalliy tadbirkorga matras, profnastil va bolalar tagliklari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishi uchun hokimlik zaxirasida boʻlgan 4 gektar yer maydonini alohida lot sifatida auksion savdoga qoʻydirib, 2 mlrd soʻmga yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Andijon tumani hokimining sobiq oʻrinbosari, Andijon shahar statistika boʻlimi boshligʻi va 2 nafar shaxs oʻzaro til biriktirib, kelgusida bolalar mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zavod qurmoqchi boʻlgan tadbirkorga “Ipak yoʻli” erkin iqtisodiy zonasi hududidan 6 gektar yer maydonini auksion savdo orqali olib berish evaziga 600 ming AQSh dollari talab qilishib, oldindan 150 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻining sobiq birinchi oʻrinbosari, hozirda xususiy bandlik agentligi boshligʻi boʻlib ishlab kelayotgan fuqaroning ham aloqadorligi aniqlangan. U ushbu masalada tadbirkorga yordam berish evaziga muqaddam 11 ming AQSh dollari olganligi maʼlum boʻldi.

Toshkent viloyatida qayd etilgan holatda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasining Ohangaron tuman boʻlimi boshligʻi mahalliy fuqaroning yoʻqolgan mehnat daftarchasini tiklab, uni yoshga doir pensiyaga chiqarib berish evaziga 1500 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.

Taʼkidlash lozimki, ushbu mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan sudlangan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.

Xozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid