Tramp Ukrainaga qurol berish boʻyicha yangi rejani eʼlon qiladi
Bu reja nafaqat mudofaa tizimlari, balki hujum qurollarini ham oʻz ichiga oladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp bugun, 14 iyul kuni Ukrainaga qurol yetkazib berish boʻyicha yangi rejani eʼlon qiladi.
Bu reja nafaqat zenit tizimlari, balki hujum qurollarini ham oʻz ichiga oladi. Bu haqda anonim axborot manbalariga asoslanib Axios nashri xabar berdi.
"Ikki manbaning Axiosʼga aytishicha, ular rejaga Rossiyaning ichki qismidagi nishonlarga, jumladan, Moskvaga yetib borishi mumkin boʻlgan uzoq masofali raketalarni oʻz ichiga oladi, deb ishonishga asoslari bor. Biroq hech birida yakuniy qaror haqida maʼlumot yoʻq", deb yozadi nashr.
"Putin haqiqatan ham Trampni gʻazablantirdi. Uning ertangi bayonoti juda qatʼiy boʻladi", - deya respublikachi senator Lindsi Gremning soʻzlarini keltiradi nashr.
OAVda mavjud boʻlgan maʼlumotlarga koʻra, yangi reja Tramp va NATO bosh kotibi Mark Ryutte oʻrtasidagi uchrashuvda eʼlon qilinadi.
Shu bilan birga, Amerikaning Ukrainaga qurol-yarogʻ yetkazib berish xarajatlari Yevropa ittifoqi aʼzolari tomonidan toʻlanadi. Bu mexanizm iyun oyida NATO sammitida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan.
"Biz Ukrainaga Patriotʼlarni joʻnatamiz, bu ularga juda kerak, chunki Putin koʻpchilikni hayratda qoldirdi. U chiroyli gapiradi, keyin esa kechqurun hammani bombardimon qila boshlaydi. Lekin bir kichik muammo bor: bu menga yoqmaydi", dedi Tramp yakshanba kuni jurnalistlarga.
"Biz asosan ularga har xil turdagi juda murakkab harbiy texnika joʻnatmoqchimiz. Ular (yevropaliklar) 100% toʻlaydilar", - deya qoʻshimcha qildi Tramp.
Eslatib oʻtamiz, Tramp Putin bilan bir nechta suhbat oʻtkazdi. Ayniqsa oxirgi suhbat AQSh prezidentini mutlaqo qoniqtirmagani maʼlum boʻldi.