Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dorilarning yirik partiyasi aniqlandi
Yangihayotdagi ijara uyda 16 mingdan oshiq "Zardeks" vositasini saqlab kelayotgan shaxs ushlandi.

DXX Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni sotuvchi shaxsni ushladi.
Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida DXX hamda Bojxona idoralari hamkorligida Toshkent shahrida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Xususan, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida istiqomat qiluvchi, 1992 y.t. shaxsning Yangihayot tumanidagi ijaradagi yashash xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan. Unda kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 16249 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.
Maʼlum boʻlishicha, u muqaddam “Telegram” messenjeri orqali savdo qiluvchi shaxs tomonidan Sergeli tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan ushbu dori vositalarini olib, kelgusida mijozlarga sotganidan soʻng, narkosavdogarga 16 ming AQSh dollari berishi kerak boʻlgan.
“Zardeks” dori vositalari tarkibida “Pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi mavjud boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi 818-son qaroriga muvofiq, “Pregabalin” moddasi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar turkumiga kiradi.
Hozirda dorifurush fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251-1 moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakati olib borilmoqda.
DXX avval Toshkent va Fargʻona shaharlarida OTM oʻqituvchilarini ushlagandi.