platina.uz
Biznes

“Mikrokreditbank” mahalla ichiga kirib bormoqda

Bankirlar va mahalla agentlarining hamkorligi aholini ishli qilishda yanada yordam beryapti.

“Mikrokreditbank” mahalla ichiga kirib bormoqda

“Mikrokreditbank” ATB tomonidan 10-11 iyul kunlari Xorazm viloyatidagi Arda Xiva majmuasida “Bankir va mahalla: bir maqsad, bir yoʻl” nomli timbilding dasturi tashkil etildi.

Mazkur timbilding Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi mahalla bankirlari hamda mahalla agentlari uchun nafaqat oʻquv seminari, balki bir-birlari bilan muloqot oʻrnatish, tajriba almashish va ish faoliyatida yangiliklar, yangi yangi loyihalar taklif etishida koʻmaklashishni maqsad qildi.

150 nafarga yaqin mahalla bankiri va mahalla agentlarini bir joyga jamlagan tadbirda bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari Shaxlo Ibragimova, Bosh ofisning tegishli tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Ikki kunlik dastur doirasida ochiq muloqotlar, foydali muhokamalar, strategik taqdimotlar, ijodiy oʻyinlar va amaliyotlar oʻtkazildi.

Dastlabki kun ishtirokchilar uchun “@mkb_mahallabankiri_bot” yangiliklari, aholi bilan muloqotda uchrayotgan muammolar va takliflar muhokamasi, “GAPIM BOR” – anonim savol va takliflar qutisi, “Mission Mahalla” keys-oʻyini va “1 gʻoya – 1 natija” formatidagi pitch sessiyalar oʻtkazildi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar oʻrtasida “Aholidan eng koʻp tushadigan 3 ta savol” mavzusida interaktiv soʻrovnoma tashkil etildi. Ishtirokchilar oʻz tajribalariga asoslanib, aholi tomonidan kundalik muloqotlarda eng koʻp beriladigan savollarni stikerlar yordamida A3 formatdagi bannerda belgilab borishdi. Bu jarayon orqali mijozlarning real ehtiyojlari va ularni qiziqtiruvchi masalalar umumlashtirildi hamda keyingi targʻibot materiallari uchun amaliy maʼlumotlar yigʻildi.

Tadbir davomida ijtimoiy tarmoqlarda faollikni oshirish maqsadida #BirMaqsadBirYo‘l xeshtegi bilan Instagram Challenge tashkil etildi.

Tadbirning birinchi kunida birinchi yarim yillikda yaxshi koʻrsatkichlarga erishgan 3ta hududdagi 3 nafar eng faol mahalla bankiri va eng faol mahalla agentlari taqdirlandi. Shuningdek, timbilding davomida faol ishtirok etgan qatnashchilarga ham esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Timbildingning ikkinchi kunida mahalla bankirlari va mahalla agentlari Bogʻot tumanidagi eng chekka mahallalardan biri Toʻpchi mahallasiga borishdi. Ishtirokchilar bu yerda mahalla bankiri Odamboy Yoʻldoshev va mahalla agenti Akbar Hakimovning amalga oshirgan ishlari bilan yaqindan tanishish, tajriba oʻrganish va fikr almashish imkoniga ega boʻlishdi.

Maʼlumot oʻrnida, bankning 95 ta hududiy boʻlinmasiga biriktirilgan 1121 ta mahallada faoliyat olib borish uchun 332 nafar “Mahalla bankiri” shtati ochilib, malakali mutaxassislar bilan butlandi.

Shuningdek, mahalla bankiriga koʻmalashish uchun har bir mahallaga bittadan, jami 1121 nafar yordamchi agent shartnoma asosida yollandi. Shundan 666 nafarini ayollar, 455 nafarini erkaklar tashkil etadi.

2025 yilda bankka biriktirilgan mahallalardagi aholi va tadbirkorlarga 679,4 mlrd soʻmlik kreditlar ajratildi. Aholi bandligini taʼminlash boʻyicha joriy yilning yanvar-iyun oyida 180 903 nafar aholi bandligi taʼminlandi. Shundan 56 623 nafari doimiy ishga joylashtirildi va 124 280 nafari tadbirkorlikka jalb qilindi.

Mahalla agentlari joriy yilning yanvar-iyun oyida 12 mingta plastik karta, 50 nafar aholidan 5,8 mlrd soʻm omonat, 1344 nafar aholiga 160,6 mlrd soʻm kreditlar ajratilishiga koʻmaklashdi.

Toʻpchi mahallasida 2025 yil 1-yarim yillikda jami 10 ta xonadonga 344 mln soʻmlik loyiha paketlari yetkazib berilgan va 22 nafar fuqaro band qilingan. Bundan tashqari, mahallada umumiy qiymati 1156,0 mln soʻm boʻlgan 25 ta mikroloyihaga 563,0 mln soʻm kredit mablagʻi ajratilishi natijasida 50 nafar fuqaroning bandligi taʼminlangan.

Misol uchun, Toʻpchi mahallasi Qahramonlar koʻchasi 19-uyda yashovchi Elyorbek Quranbayev xonadoniga jami 60 mln soʻm kredit ajratilishi natijasida 3 bosh chorva mollari, 0,5 sotix issiqxona va 70 ta parranda (joʻja) yetkazib berildi hamda 3 ta loyiha paketi yaratildi. Buning natijasida xonadon aʼzolarining 2 nafari ish bilan taʼminlandi. Ayni damda oylik daromadi 12 mln soʻmdan 20 mln soʻmga yetayotgani esa qoraqalpogʻistonlik va buxorolik mahalla bankirlari hamda mahalla agentlarida katta qiziqish uygʻotdi.

Shu kuni yana ishtirokchilar ushbu mahallaning Yangi Oʻzbekiston koʻchasida tashkil etilgan 13 ta yengil tipdagi konteynerlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur konteynerlar aholiga, qoʻshni mahalladagilarga ham barcha turdagi xizmatlarni taqdim etadi.

Mazkur mahalladagi 13 ta yengil tipdagi konteynerlar va mini-futbol maydonchasi tashkil qilinishi uchun jami 517 mln soʻm kredit ajratib berilishi natijasida 25 nafar ishsiz ayol ish bilan band qilindi.

Shuningdek, “Nodira tekstil 95” MChJga tikuvchilik faoliyati bilan shugʻullanish uchun 100 mln soʻm kredit ajratib berildi. Tadbirkor tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi natijasida 10 nafar ishsiz ayolni ish bilan taʼminladi va oyiga 15 mln soʻmdan daromad olib kelmoqda.

Mahallaga uyushtirilgan tajriba almashish jarayonlaridan soʻng mahalla bankirlari va mahalla agentlari uchun Xiva shahri va Ichan qalʼa majmuasiga sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida Xorazm tarixiga oid qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻlishdi va tajriba almashish hamda oʻrgangan yangiliklarini oʻz hududlarida amaliyotga tatbiq etish boʻyicha kelishib olishdi.

Tadbirning asosiy maqsadi mahalla bankirlari va agentlari oʻrtasida jamoaviy ruhni kuchaytirish, ichki muloqotni yaxshilash, foydali tashabbuslarni joriy etish va xizmat madaniyatini yanada yuksaltirishdan iborat boʻldi.

Bank Axborot xizmati

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid