Tramp Meksika va YeI tovarlariga 30 foizlik bojlar joriy etdi
Yevropa Ittifoqi AQShning eng asosiy hamkorlaridan sanaladi. Tramp YeI javob qaytarsa, shartlarni yanada ogʻirlashtirishini aytgan.

Tramp Meksika va YeI tovarlariga 30 foizlik bojlar joriy qildi: savdo urushi davom etmoqda.
Bu haqda AQSh prezidenti oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida eʼlon qilgan ushbu mamlakatlar rahbarlariga yoʻllagan ochiq xatlarida yozgan.
"Yevropa Ittifoqi Qoʻshma Shtatlarga toʻliq va ochiq bozorga kirish huquqini beradi yoki siz (tariflarni) oshirishga qaror qilgan har qanday miqdor biz joriy etgan 30 foizga qoʻshiladi", dedi Tramp.
Tariflarning oshishi savdo bitimlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha kengroq kampaniyaning bir qismi edi. Aprel oyi boshida Tramp 185 mamlakat uchun 10% minimal bazaviy stavkani eʼlon qildi va muzokaralar uchun uch oy vaqt berdi.
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenga yoʻllagan maktubida u “qattiq” ssenariyga tayyorligini tasdiqladi. Biroq, YeI muzokaralarga umid bildirdi va muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda Amerika tovarlariga qarshi javob choralari paketi joriy etilishi haqida ogohlantirdi. Bryusselda javob tariflari allaqachon tayyorlanmoqda.
AQSh prezidenti Meksikani “kuchsiz chegara nazorati” va narkotik kartellariga qarshi sust kurashda aybladi va savdo kamomadidan shikoyat qildi.
Trampning soʻzlariga koʻra, agar Meksika tomoni javob choralarini koʻrishga qaror qilsa, uning tovarlariga bojlar yanada oshirilishi mumkin.
Meksika va Yevropa Ittifoqi uchun tariflarni oshirish yagona qaror emas. Shu haftada Tramp Kanada uchun 35%, Braziliya uchun 50% tariflarni, shuningdek Qozogʻiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Janubiy Afrika va boshqa davlatlar uchun yangi cheklovlarni eʼlon qildi.