Itlar qanday qilib narkotik, portlovchi moddalar va boshqa taqiqlangan buyumlarni topadi?
Koʻppaklarning bunday qobiliyati oldida har qanday zamonaviy texnologiya yoki sunʼiy intellekt ham ip esholmay qoladi.

Bugungi kunda sunʼiy intellekt, neyron tarmoqlar va yuqori texnologiyalar davrida hamma ishni kompyuterlar va robotlarga ishonish mumkindek tuyuladi. Lekin shunday bir vazifa borki, uni hali hech qanday elektron uskuna yoki analizator insonning eng sodiq doʻsti – it kabi aʼlo darajada bajara olmaydi. Bu vazifa – narkotiklar va boshqa taqiqlangan buyumlarni qidirib topishdir.
Tarixdan qisqa hikoya
Hammasi XX asr boshlarida Germaniyada boshlangan. Oʻsha paytlarda mamlakatga kontrabanda yoʻli bilan, yaʼni bojxona toʻlovlarini toʻlab rasmiylashtirmagan holda katta miqdorda qahva olib kirilgan. Bu mahsulot qimmat va talab katta edi. Nemis bojxonasi bu muammoni yechish uchun gʻayrioddiy yechim topdi: bir bojxona xodimi oʻz itini qahva hidiga oʻrgatdi. It yuklar orasida aynan qahva saqlangan qoplarni oson topa boshladi.

Natija oʻzini oqladi – kontrabandachi savdogarlar faoliyati toʻxtatildi, qahva olib kirish muammosi deyarli yoʻqoldi. Shu sodda va ajoyib gʻoya butun dunyoda bojxona xizmatlarida itlarni yordamchi sifatida ishlatish anʼanasini boshlab berdi.
Bugungi kunda esa ular qahva emas, balki ancha xavfli va taqiqlangan narsalar – narkotiklar, qurol-yarogʻ va portlovchi moddalarni qidirishda insoniyatga yordamchi boʻlmoqda.
Itlarning tengsiz sezgirligi
Tabiatdagi har bir tirik jonzotga oʻz yashash tarzi va arealiga mos ravishda maʼlum bir xislatlar berilgan. Odam atrof-muhit borasidagi maʼlumotlarni muloqot va va his-tuygʻulari yordamida olsa, itlar hid yordamida undan-da koʻproq maʼlumot olishadi. Oʻzidan ancha uzoq masofadagi obʼektlar haqida biladi. Itning hid bilish qobiliyati insonnikidan taxminan 47 barobar kuchli. Ular millionlab hidlar oʻrtasidagi nozik farqlarini ham his qiloladi.
Qizigʻi shuki, hidni yopib boʻlmaydi – u plastmassa, shisha, polietilen va hatto beton orqali ham tashqariga sizib chiqadi.
Odamlar uchun oʻnlab turli hidlardan iborat ogʻir atmosferada itlar shu hidlardan kerakligini oson ajratib oladi. U hidlarni spektr singari “koʻradi”, tizim sifatida yodda saqlaydi va aniq qidirib topadi.
Qadimda itlarning bu xislatidan ov qilish hamda odamlar va buyumlarni topishda foydalanishgan. Yaqin tarixda, jahon urushlarida esa itlar yaradorlar va yuklarni tashishda foyda bergan. Shuningdek, kamikadze-xudkush itlarning (yoki dengizda delfinlarning) qorniga bomba bogʻlab, dushman tanklari tagiga oʻzini otib, portlatib yuborishga oʻrgatishgan.
Hozir itlar bulardan tashqari, odamlarni topib qutqarishdan yanada murakkabroq, texnologiya yutuqlari uddalay olmaydigan vazifani bajarmoqda. Chunki temir va dasturlarga hid bilish qobiliyatini oʻrgatish inson izmida emas.
Tasavvur qiling: katta bir xalqaro aeroport. Har kuni oʻn minglab yoʻlovchilar keladi va ketadi – bu butun bir shahar aholisiga teng. Bojxona nazoratidan kuniga 100 mingga yaqin jomadon va yuklar oʻtadi. Va shu ulkan oqimda – birgina sumkaga narkotik solingan boʻlishi mumkin.

Inson koʻzi yoki oddiy skaner uchun barcha sumkalar bir xil. Hozirgi zamon texnologiyalari-chi, deysizmi? Ha, laboratoriyada ideal shart-sharoitda maxsus analizatorlar bor. Lekin tezlik, odamlar oqimi, chiqindilar, doʻkon hidi, yogʻi, parfyum, gʻavgʻo va shovqin – bular hammasini aralashtirib yuboradi.
Ana shunda maydonga it chiqadi. Unga hech qanday shovqin yoki hidlar xalaqit bermaydi. U jonli skaner singari ishlaydi. Unga bitta hidni “koʻrsatsangiz” kifoya, u hidlar ummonidan ana shu hidning zarradek qismini ham aniqlay oladi.

Aeroportdagi videolarda koʻp koʻrganmiz: oddiy jomadon yonida it turibdi, u yoʻlovchi emas – rasmiy xodim. Uning vazifasi – taqiqlangan moddani topish. It tumshugʻi bilan jomadonlarni hidlab, shubhali yukxaltaga “mana shuni tekshiringlar” degandek tumshugʻi bilan ishora qiladi. Bojxonachilar darhol sumkani ajratib oladi. It uchun bu ish – haqiqiy gʻalaba.
Itlarning yana bir xislati juda qimmatli – ular berilgan vazifani bajarmaguncha tinchishmaydi. Maʼlumki, chegarachi itlar nafaqat hid topadi, balki insonni taqib ham qila oladi. Ferdinand ismli chegarachi it bir siyosiy qochoqni ikki yarim ming kilometr masofagacha taqib qilib borgan!

Yoki zilzila va portlashlar sababli turli buzilgan binolar va tuproq ostida qolib ketgan odamlarni qidirayotgan itlar birorta ham odam topa olmagan kunlari xafa boʻlib, qattiq depressiyaga tushadi. Shu bois, odam topa olmagan itlar uchun ish kuni oxirida talayba yashirib qoʻyilgan manekenlarni “toptirib, koʻnglini koʻtarishgan”.

Itlar qanday tanlanadi?
Koʻpchilik eng aqlli, buyruqqa itoat qiluvchi itlargina bojxonaga olinadi, deb oʻylashi mumkin. Lekin asosiy mezon – bu aql emas, balki oʻyin oʻynashga boʻlgan ishtiyoq. Gʻalati, deysizmi? Hozir tushuntiramiz.

Kinologiya, yaʼni itlarni oʻrgatish markazlarida yoshi kichik itlardan birinchi boʻlib shu xislatiga qaraladi: qaysi biri toʻp, tayoq, oʻyinchoqqa oʻch? Uning energiyasi, harakatchanligi va oʻyinga muhabbati – eng katta va qimmatli qobiliyat hisoblanadi.
Ikkinchi bosqichda – hushyorlik va aniqlik tekshiriladi. Buning uchun oʻyinchoqni quti yoki quti ostiga yashirishadi. It panjasi bilan yashirilgan oʻyinchoqni aniq koʻrsatishi kerak. Shu bilan birga u qurbonida yoki buyumdagi narsani tishlamasligi shart – chunki aeroportda oʻnlab sumkalarni tishlab chiqishga itning vaqti ham, haqqi ham yoʻq.
Uchinchi bosqich – hidni ajratish qobiliyati. Itga oʻzi oʻynagan oʻyinchoq yoki tayoqchani uchta quti orasidan topish vazifasi beriladi. Bu vazifani shugʻullantirib singdirib boʻlmaydi: itning oʻzida tugʻma isteʼdod boʻlishi kerak.
Eng qiziq bosqich: oʻrgatish sirlari
Narkotiklarni topa oluvchi itlar haqida xalq orasida turli mish-mishlar yuradi. Masalan, itlarga oz-ozdan narkotik berib, giyohvand qilib qoʻyishadi, shu bois it oʻzi uchun jon-jahdi bilan narkotik qidiradi, deyishadi. Lekin bu taxmin, aytaylik, portlovchi moddalarni yoki kontrabanda tovarlarini qidiruvchi itlar haqida soʻz ketsa, asossiz ekani fosh boʻladi. Axir itlarga portlovchi modda yedirib, oʻrgatib boʻlmaydi-ku!?
Aslida itlarni oʻrgatish usullari – haqiqiy sanʼat. Bu yerda “sevimli oʻyinchoq” omilidan foydalanishadi. It uchun u oddiy bir narsa emas – balki hayotiy maqsad, ishtiyoq. It oʻrgatuvchi aynan shu ishtiyoqni oʻz manfaati uchun yoʻnaltiradi.

U oʻyinchoqni narkotik yoki uning hidini taqlid qiluvchi modda bilan ishqalaydi. Hidlarni oʻrganuvchi ilm – odorologiya deb ataladi. Bu – hidlar haqidagi fan.
Odorologlar narkotik moddalarning yoqasiga yaqin hidlarni sintez qilishadi, ammo ular inson yoki it sogʻligi uchun zararsiz boʻladi.
Natijada itning miyasida shunday bogʻlanish paydo boʻladi: “Mening sevimli oʻyinchogʻim – shu hid”. Endi u narkotik hidini topishni oʻzi istaydi, shuning uchun uni qidiradi va topib oladi.

Aslida it uchun narkotik moddani topish – oʻyinning davomi. Uning uchun bu mehnat emas – balki hayajonli kvest – jumboq hisoblanadi
Qattiq tanlov va statistika
Albatta, hamma itlar ham bu nozik vazifa uchun yaramaydi. Bunday samarali itlarni topish oson emas. Statistikaga qaraganda, 150 ta kuchukvachchadan faqat bittasi dastlabki tanlovdan oʻtadi. 500 tasidan faqat bittasi toʻliq kursni “oʻqib” tugatadi. 1500 dan bittasigina bojxona xizmatida samarali ishlaydi.
Bu juda katta saralash. Lekin saralab olingan itlar elitaga aylanadi. Ular yordamchi emas, balki haqiqiy hamkasblar hisoblanadi. Hatto armiyada va bojxonada nafaqaga chiqqan itlarni xuddi odam kabi sharaf va tantana bilan kuzatib qoʻyishadi, unga qarab turish uchun nafaqa tayinlashadi. Yoki birga ishlagan xizmatchi uyiga olib ketadi.
Itlar yagona yordamchi emas
Oʻzining noyob qobiliyatlari bilan odamzotga yordam beruvchi jonzotlar faqat itlar emas. Masalan, portlovchi moddalarni aniqlash uchun... asalarilar oʻrgatiladi.

Bu moddalarning kichik zarrasini ham seza oladigan asalari solingan qutichalar maxsus skaner ichiga xuddi oʻq kabi joylanadi. Tekshiruv paytida asalarilar portlovchi moddani sezsa, qattiq bezovtalanadi. Buni sezgan datchiklar darhol tovush va chiroqlarni ishga tushiradi.

Varshavada midiyadan – chuchuk suv chigʻanoqlaridan shaharning suv tozalash stansiyasida tirik biosensorlar sifatida foydalanishadi. Ularga maxsus elektrodlar ulangan boʻlib, ular orqali mollyusklarning qopqoqlari suv tiniq va toza boʻlsa, biroz ochilib turishi va ifloslik kirsa, yopilib qolishidan foydalanishadi. Agar suv toza boʻlsa, midiyalar bemalol ochilib, uni filtrlaydi. Agar suvda toksinlar, ogʻir metalllar yoki boshqa ifloslantiruvchi moddalar paydo boʻlsa – midiyalar qopqoqlarini darhol yopadi. Qopqoqlarga ulangan simlardagi maxsus datchiklar shu harakatni aniqlab, signalni markaziy pultga yuboradi. Bu tizim real vaqtda ishlaydi va suv taʼminotidagi har qanday ifloslanishni erta aniqlab, suv yetkazib berishni toʻxtatishga yordam beradi.
Shu kabi biomonitoring tizimlari Yevropaning Myunxen, Hamburg va Varshava kabi shaharlarida oʻrnatilgan.
Xulosa
XXI asrning superkompyuterlari va neyron tarmoqlari koʻp narsani hisoblay oladi. Ammo hid, ishtiyoq, oʻyin – bular inson bilan itni bogʻlaydigan tabiiy aloqa.
It insonga nafaqat yordamchi – balki hamkor. Uning oʻyinga boʻlgan sevgi va sadoqati jinoyatchilarga qarshi qudratli qurolga aylanadi.
Shuning uchun aeroportda yoki chegarada xizmatchi itni koʻrsangiz, uni oddiy qidiruvchi deb oʻylamang. U oʻynayapti. Lekin uning oʻyini – bizning xavfsizligimiz uchun kurash sifatida tarixda qolmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov