Soʻrov: Oʻzbekistonda har toʻrtinchi odam toʻy qilishda qarz olmoqda
Aksariyat respondentlar toʻy xarajatlarini shaxsiy jamgʻarmalari hisobidan emas, boshqa manbalar orqali qoplaganliklarini bildirgan.

Oʻzbekistonda har toʻrtinchi toʻy egasi qarz evaziga marosimni oʻtkazmoqda. Bu haqda “Yuksalish” harakati tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalarida maʼlum qilingan.
2025 yil 19 iyundan 3 iyulgacha “Yuksalish” harakati tomonidan aholi oʻrtasida “Oʻzbekistonda toʻylar” mavzusida soʻrovnoma oʻtkazildi.
Soʻrovnoma maqsadi — asosiy tendensiyalarni aniqlash, yuqori toʻy xarajatlariga sabab boʻlayotgan omillarni belgilash, mavjud anʼanalarga boʻlgan jamoatchilik kayfiyatini baholash hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Koʻpchilik oilalarning daromad darajasi bilan toʻy uchun qilinayotgan yoki rejalashtirilgan xarajatlar oʻrtasida sezilarli tafovut kuzatilmoqda.
Respondentlarning oila byudjeti boʻyicha oʻrtacha oylik daromad taqsimoti quyidagicha koʻrinishda:
Daromadlar: Respondentlarning katta qismi — 81,24% (ayniqsa, viloyatlarda yashovchilar) — oʻz oilasining oʻrtacha oylik daromadini 5 million soʻmdan 12 million soʻmgacha deb koʻrsatgan.
“Toʻyga taxminan qancha pul sarflagansiz (yoki sarflashni rejalashtiryapsiz)?” degan savolga esa respondentlar quyidagi javoblarni bergan:
• 30 million soʻmgacha — 31,28%
• 50 million soʻmgacha — 23,98%
• 70 million soʻmgacha — 15,72%
• 100 million soʻmgacha — 15,88%
• 100 million soʻmdan ortiq — 9,62%
Xarajatlar: rejalashtirilgan yoki amalda sarflangan mablagʻlar koʻpincha (umumiy respondentlarning 65,2%) 50 million soʻmdan 100 million soʻmgacha yoki undan ham koʻproqni tashkil qiladi. Bu koʻrsatkich koʻplab oilalar uchun bir yillik daromadga teng yoki undan ham yuqori boʻlishi mumkin.
Moliyalashtirish manbalari:
Shunga mos ravishda, aksariyat respondentlar toʻy xarajatlarini shaxsiy jamgʻarmalari hisobidan emas, boshqa manbalar orqali qoplaganliklarini bildirgan. Asosiy moliyaviy manbalar quyidagilar boʻlgan:
• “Oʻzim va yaqinlarim yordamida” — bu javobni 55,17% respondent tanlagan. Bu natija toʻy xarajatlarining jamoaviy moliyalashtirilayotganini koʻrsatadi — yaʼni, ogʻirlik faqat kelin-kuyov emas, balki ularning ota-onalari va qarindoshlariga ham tushadi.
• “Qarz olganman / olaman” — degan javobni 25,1% respondent bergan. Bu esa aholi oʻrtasida toʻy tufayli yuzaga kelgan qarzdorlik darajasining yuqoriligini anglatadi.
• “Daromadim yetarli” — deb hisoblaganlar 14,11%.
• Javob bermaganlar — 5,62%.
Bu raqamlar shuni koʻrsatadiki, toʻy — koʻplab oilalar uchun ulkan moliyaviy yuk, ularning mavjud daromadlariga mutlaqo mos kelmaydi va qarzga botiradi, bu esa yangi turmush boshlayotgan oilalar yoki ularning ota-onalari uchun moliyaviy barqarorlikka jiddiy xavf tugʻdiradi.
“Toʻyga katta xarajat qilishga nima sabab boʻladi?” degan savolda respondentlarga bir nechta variantni tanlash imkoniyati berilgan boʻlib, ular koʻpincha shaxsiy istaklardan koʻra tashqi omillarni koʻrsatgan.
• “Jamiyat bosimi / elga toʻy berishim kerak degan majburiyat” — 46,11% respondent aynan shu javobni tanlagan.
Bu eng yetakchi sabab boʻlib, toʻy jamiyat nazarida baholanadigan ommaviy tadbir sifatida qaralishi madaniyatimizda chuqur ildiz otganini koʻrsatadi. "Uyat"dan qoʻrqish va "yuzimiz yerga qaramasin" degan istak oilalarni oʻz imkoniyatlaridan ortiqcha xarajatlarga majbur qilmoqda.
• “Yoshlarning orzu-havasi” — 31,36% respondentlar bu variantni tanlagan.
• “Ota-onaning orzu-havasi” — 29,03%. Bu ikkinchi muhim omil hisoblanadi. Koʻpincha katta avlod hashamatli toʻy oʻtkazishda qatʼiy turib oladi, bu orqali ular oʻz ambitsiyalarini roʻyobga chiqarib, qarindoshlar hamda jamiyat oldidagi “burchini” ado etayotganini his qiladi.
• “Quda tomonning talabi” — 16,6% respondent bu holatni muhim deb hisoblagan. Bu ikki oilaning kimoʻzarga harakat qilishga undovchi omil sifatida taʼriflangan.
Shunday qilib, yuqori toʻy xarajatlari koʻproq yoshlarning shaxsiy tanlovidan emas, balki katta ijtimoiy bosim va ota-onalar hamda jamiyat kutgan umidlar natijasida yuzaga kelayotgan holatdir.
Quyidagi oʻzgarishlar koʻproq qoʻllab-quvvatlangan:
• “Mehmonlar soni va marosim koʻlamini qisqartirish” — bu taklifni 35,69% respondent ilgari surgan.
• “Toʻydan keyingi ayrim marosimlarni kamaytirish” — deb hisoblaganlar 31,44%.
• “Toʻydan oldingi ayrim marosimlarni qisqartirish” — bu fikrni 37,61% respondent qoʻllab-quvvatlagan.
Eng kam qoʻllab-quvvatlangan pozitsiya esa:
• “Hech qanday oʻzgarish kerak emas” — bu fikrni atigi 7,14% respondent bildirgan.
Bu raqamlar aholining aksar qismi toʻy marosimlarini soddalashtirishga tayyorligini va jamiyatda oʻzgarishlarga ijtimoiy buyurtma shakllanayotganini tasdiqlaydi.