Fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi belgilandi
Xorijda doimiy yashovchi fuqarolar Oʻzbekistonga kirgan kundan 10 ish kunidan kechiktirmay yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi shart.

Fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish tartibi belgilandi.
“Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–1074-son, 10.07.2025 y.) qabul qilindi.
Qonunga koʻra, shaxslarning yashashi uchun uy-joy maydonini beruvchi turar joy mulkdori yoki uni tasarruf etish huquqiga ega shaxs ushbu shaxslarni yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazishi kerak.
Joylashtirish vositalarida turgan shaxslarni turgan joyi boʻyicha xabardor qilish tartibida roʻyxatdan oʻtkazish masʼul xodimlar tomonidan “E-mehmon” tizimi orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekistonning xorijda doimiy yashovchi fuqarolari Oʻzbekistonga kirgan kundan 10 ish kunidan kechiktirmay yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi shart.
Oʻzbekiston fuqarolarini yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish quyidagilarda amalga oshiriladi:
- ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida;
- davlat xizmatlari markazlarida;
- YaIDXP (my.gov.uz) orqali.
Yashash joyi va turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga rioya etish talab qilinadi.