Toshkent viloyatida salkam yarim million dollarga yer sotmoqchi boʻlganlar ushlandi
Ular xaridorga yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali kottedj qurish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishni aytishgan.

Toshkent va Samarqandda yer sotayotganlar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tumani boʻlimi tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda fuqarolar Sh.A. va A.S. fuqaro O.N.ning ishonchiga kirib, Toshkent viloyati Boʻka tumanidagi 4 gektar boʻsh yer maydonini 420 000 AQSh dollariga sotishini va yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali kottedj qurish uchun hujjatlarini rasmiylashtirib berishlarini aytishgan.
Soʻngra kelishilgan puldan 90 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Shuningdek, Departamentning Toyloq tumani boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda fuqarolar N.N. va Sh.M. kadastr idoralarida ishlovchi tanishlari orqali 80 000 AQSh dollari evaziga Urgut tumanidagi “B.B.” fermer xoʻjaligining 1,5 gektar yer maydonini fuqaro A.O.ning nomiga rasmiylashtirib berishlarini aytib, kelishilgan puldan 20 000 AQSh dollarini firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Biroz avval Andijon va Surxondaryoda soliq inspektorlari qoʻlga olingani maʼlum boʻlgandi.