Toshkentda quvur yorilib ketishi oqibatida uch kishi jarohat oldi
Hodisa issiq suv tarmogʻini bosim ostida tekshirish jarayonida yuzaga kelgan.

Toshkentda quvur yorilishi ortidan uch kishi jarohat oldi.
Bugun, 10 iyul kuni taxminan soat 11:00 da Toshkent shahar Shayxontohur tumani Farobiy koʻchasi hududidan oʻtuvchi diametri 800 mm boʻlgan suv quvuri kuchli bosim ostida yorilib ketgan.
FVV izohiga koʻra, ushbu holat rejaviy tadbir asosida oʻtkazilgan kommunal tarmoqdagi issiq suv tarmogʻini bosim ostida tekshirish jarayonida yuzaga kelgan.
Hozirda issiqlik suv quvuridagi ushbu hodisa kommunal-texnik avariya-tiklash brigadasi kuch va vositalari bilan bartaraf etilib, nosozlik oqibatlarini tugatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Voqea joyiga Toshkent shahar FVB, SSB va kommunal soha tashkilotlari masʼullari hamda kuch va vositalari jalb qilingan.
Hodisa oqibatida 3 nafar fuqaro yengil tan jarohati olgan va ularga voqea joyida tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam koʻrsatilgan.
Ularni shifoxonga olib borishga ehtiyoj boʻlmaganligi sababli, oʻz uylariga ruxsat berilgan, deyiladi xabarda.