Shavkat Mirziyoyev Bunyodkor koʻchasidagi sharoitni koʻzdan kechirdi
Ushbu markaziy koʻchada sanʼat va madaniyat maskanlari, turli idoralar, supermarket va restoranlar joylashgan. Bu salohiyatdan foydalanib, uning 1,5 kilometr qismi xizmat koʻrsatish va gastroturizm koʻchasiga aylantirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoitlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda.
Bu safargi yoʻnalish Shayxontohur va Chilonzor tumanlarini qamrab oldi. Ularni Bunyodkor koʻchasi bogʻlab turadi. Ushbu markaziy koʻchada sanʼat va madaniyat maskanlari, turli idoralar, koʻp qavatli uylar, supermarket va restoranlar joylashgan. Bu salohiyatdan foydalanib, uning 1,5 kilometr qismi xizmat koʻrsatish va gastroturizm koʻchasiga aylantirildi.
Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerdagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Yoʻl boʻyi obod qilingan. Ajoyib landshaft dizayni, favvoralar, turfa chiroqlar hududga yanada koʻrk bagʻishlagan. Odamlar sayr qilishi, ovqatlanishi, mazmunli dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Shu maqsadda bu yerdagi 90 ta tadbirkorlik subʼekti tunu kun ishlash tartibiga oʻtkazildi. Shundan 45 ta korxona yangi tashkil etildi. 500 kishi ish bilan taʼminlandi.

Koʻchaga yondosh hududdagi Kamolon, Yangi Kamolon va Kamolon darvoza mahallalarida 18 mingga yaqin aholi yashaydi. Bu oʻzgarishlar, avvalo, shu insonlar turmushida seziladi. Qolaversa, hozir bu joyga yiliga 255 ming mehmon tashrif buyurmoqda. Endi ularning sonini yiliga 1 millionga yetkazish uchun sharoit bor.
Soʻnggi yillarda yurtimizda turizm sohasida 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. Oʻtgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi. Hududlarda sayohat va servis infratuzilmasi yaxshi rivojlanayapti. Turizm qishloqlari, mehmon uylari, gastronomik koʻchalar qoʻllab-quvvatlanayati.
Poytaxtimizning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida shunday gavjum koʻchalar tashkil etilgan. Bunyodkor koʻchasi mazkur turizm halqasining bir qismi boʻladi. Umuman, Toshkent shahrida 26 ta koʻchani tunu-kun ishlaydigan gavjum koʻchaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini mingtaga koʻpaytirish rejalashtirilgan.
Shu yerda zamonaviy bekatlar hamda avtoturargohlar taqdimoti boʻlib oʻtdi.