Raʼno Shodiyeva ShHT kinofestivalida mukofotlandi
"Bahorni quvib" filmi "Eng yaxshi aktrisa" nominatsiyasida gʻolib chiqdi.

Aktrisa Raʼno Shodiyeva ShHTga aʼzo davlatlar kinofestivalida taqdirlandi.
Xitoyning Chunsin shahrida ShHTga aʼzo davlatlar kinofestivali boʻlib oʻtdi.
Mazkur festivalda oʻzbek rejissyori Ayub Shahobiddinovning "Bahorni quvib" filmi "Eng yaxshi aktrisa" nominatsiyasida gʻolib deb topildi. Filmda bosh rolni taniqli aktrisa Raʼno Shodiyeva ijro etgan.
Shuningdek, kinofestival doirasida ShHTga aʼzo davlatlarning kino sohasidagi hamkorligi masalalariga bagʻishlangan maxsus forum ham tashkil etildi.
Unda tashkilotga aʼzo mamlakatlar kino sohasi rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Kino sohasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, birgalikda yangi ko-produksiya loyihalarini ishlab chiqish va bu hamkorlikni tizimli ravishda tashkil etish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, anjuman ishtirokchilariga Oʻzbekiston va Xitoy hamkorligida ilk bor suratga olinishi rejalashtirilayotgan "Meni kutgin" nomli yangi xalqaro kinoloyiha haqida ham maʼlumot taqdim etildi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston tomoni qoʻshma kinoloyihalarni yaratish va kelgusida ShHT makonida keng qamrovli hamkorlikni amalga oshirishga tayyorligini taʼkidladi.