Prezident Chilonzor sanoat hududida boʻldi
Bu yerda xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilgan. Hozirgi kunda bunday korxonalar soni 531 taga yetdi, yaratilgan ish oʻrinlari soni esa 20 mingtaga yaqinlashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi sanoat hududida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Mazkur hudud Beshqoʻrgʻon va Tirsakobod mahallalari hududida joylashgan boʻlib, 320 gektar maydonni egallagan. Kichik sanoat zonasi maqomidagi ushbu majmua Prezidentning 2023 yil 3 iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan. Unga muvofiq, transport, muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasining yaxshilangani sanoat va tadbirkorlik rivojiga zamin yaratdi.
Bu yerda xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi. Hozirgi kunda bunday korxonalar soni 531 taga yetdi. Ularda yaratilgan ish oʻrinlari soni esa 20 mingtaga yaqinlashdi. Yillik ishlab chiqarish salohiyati ham kam emas – 6 trillion 800 million soʻm. Joriy yilda hududdagi 50 ta korxonada 180 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Ilgari Chilonzorda hech qachon bunday koʻrsatkichlar boʻlmagan.
Davlatimiz rahbari ushbu hududdagi “Tarleplast” korxonasida boʻlib, ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi.
Ushbu loyihaning umumiy qiymati 25 million dollar. Korxonaga Yevropaning yetakchi kompaniyalaridan 12 turdagi zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Natijada bu yerda yiliga 90 ming tonna temir quvur va poʻlat profillar ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Bu mahsulotlarni pulga chaqqanda 900 milliard soʻm degani. Korxonada 120 ga yaqin kishi doimiy ish bilan taʼminlandi.
Ahamiyatlisi, yuqori bosimga va tashqi taʼsirlarga chidamli quvurlar turi, hajmi va narxi boʻyicha raqobatbardosh. Buning tasdigʻini oʻtgan yili 4 million dollarlik mahsulot Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston kabi mamlakatlarga eksport qilinganida ham koʻrish mumkin. Endi sotuv geografiyasini yanada kengaytirish moʻljallangan.
Davlatimiz rahbari mazkur industrial hududda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasini koʻzdan kechirdi. Yaqin istiqboldagi sanoat loyihalari taqdimot qilindi.
Jumladan, koʻp qavatli ishlab chiqarish binosi va monomarkaz tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Buning natijasida hududda yana 100 ta yangi loyiha amalga oshiriladi, qoʻshimcha 3 mingta ish oʻrni yaratiladi. Loyihalar qurilish, farmatsevtika, elektrotexnika, poligrafiya, avtomobilsozlik, tikuv-trikotaj va qandolatchilik kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan.
Prezidentimiz tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash, ish oʻrinlarini koʻpaytirish hamda xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi industrial hududda joylashgan “Eman materials” korxonasida boʻldi.
Bugun dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida, avvalo, ichki imkoniyatlardan foydalanish, eng koʻp ish oʻrni yaratadigan sohalarni himoyalash zarurati tugʻilmoqda. Mamlakatimizda toʻqimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik ana shunday sohalar sirasiga kiradi. Ularda bir million nafarga yaqin aholi ishlamoqda.
Jumladan, mebelsozlikka ixtisoslashgan 7 ming 500 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida 920 ta yangi korxona ochilgan. Sohada 6 trillion 700 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlanib, 20 million dollarlik mebel eksport qilingan.
Xorazm viloyatining Xonqa tumani tajribasi asosida boshqa joylarda ham mebelchilik markazlari tashkil etilmoqda. Sohadagi tadbirkorlarning chet eldan xomashyo, furnitura va aksessuar olib kelishi, eksport bozorlariga chiqishi davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
.jpg)
Chilonzor tumanidagi industrial hududda mebelsozlikka ixtisoslashgan oʻnga yaqin shirkat bor. “Eman materials" korxonasi tashabbuskorning 10 million dollar mablagʻi evaziga tashkil topgan. Bu yerda yiliga 10 ming tonna furnitura va mebelsozlik buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Ular kooperatsiya asosida yurtimizdagi minglab korxonalarga yetkazib berilyapti. Endi eksportga chiqarish ham rejalashtirilgan.
Korxonada 200 kishi ish bilan taʼminlangan. Ahamiyatlisi, shu yerning oʻzida mebelsozlik oʻquv markazi ham tashkil etilgan. Buning uchun Italiya va Turkiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan.
Shuningdek, korxona tomonidan buyurtma asosida mebel ishlab chiqarish, loyihalashtirish, kesish, uskunalarni taʼmirlash kabi qoʻshimcha xizmatlar ham koʻrsatiladi.
Majmuada koʻrgazma zali ham tashkil etilgan boʻlib, bu yerda poytaxtdagi nomdor – brend mahsulotlar bir joyga jamlangan. Bu tizim sotuvchi, xizmat koʻrsatuvchi va oluvchiga qulaylik yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini koʻzdan kechirib, mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Mebelsozlik tarmogʻida mahalliylashtirish va qoʻshilgan qiymat yaratish boʻyicha hali foydalanilmagan juda koʻp imkoniyat borligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu yerda Chilonzor tumanida tashkil etilgan “Islohotlar shtabi” faoliyati haqida axborot berildi. Aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan yangi takliflar va kutilayotgan natijalar koʻrib chiqildi.
Qayd etilishicha, tumanda joriy yil boshida kambagʻallik darajasi 7 foizdan yuqoriroq boʻlgan boʻlsa, birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha bu raqam 2,2 foizga tushgan. Manzilli rejaga koʻra, tumanni yil yakuniga qadar kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Buning uchun oilalar imkoniyatini yuzaga chiqarish, mikroloyihalarni amalga oshirish, yangi tadbirkorlik subʼektlarini tashkil qilish, norasmiy ish oʻrinlarini qonuniylashtirish choralari koʻriladi.
Prezident aholi bandligiga qaratilgan tashabbuslarni hamisha qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Investitsiyalarni jalb etib, imkoniyatlarni loyihaga aylantirish, kichik korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Iqtisodiyot va investitsiya sohalari masʼullariga tadbirkorlar bilan doimiy uchrashib, muammolarini hal etish, takliflarini yuzaga chiqarish boʻyicha topshiriqlar berildi.
