Andijon va Surxondaryoda soliq inspektorlari qoʻlga olindi
Soliq boshqarmasi mansabdori tadbirkorga nisbatan tekshiruv oʻtkazmaslikni vaʼda qilib, evaziga 3000 AQSh dollari soʻragan.

Andijon va Surxondaryoda Soliq boshqarmalarinin bosh inspektorlariga nisbatan jinoyat ishlari ochildi.
Andijon viloyati Soliq boshqarmasining Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash – xizmat koʻrsatish boʻlimi bosh inspektori mansab mavqeidan foydalangan. U Oltinkoʻl tumanida radio va teleapparaturalar savdosi bilan shugʻullanuvchi MChJ tomonidan soliq va yigʻimlar boʻyicha topshirilgan soliq hisobotlarida tovarlar realizatsiyasi toʻgʻri aks ettirilmaganligi natijasida MChJga juda koʻp miqdorda soliq hisoblanishi hamda soliq tekshiruvi oʻtkazilishini aytadi.
Soʻngra Soliq boshqarmasidagi hamkasblari orqali ushbu tekshiruvni oʻtkazmaslikni vaʼda qilib, evaziga 3000 AQSh dollari talab qiladi va muqaddam MChJ taʼsischisidan 500 AQSh dollari oladi.
Ammo, u qolgan 2500 AQSh dollarini olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyati Soliq boshqarmasining Soliq organlari faoliyati ustidan nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Jarqoʻrgʻon tumanida mototsikllar va ehtiyot qismlar savdosi bilan shugʻullanuvchi MChJga nisbatan oʻzining vakolatli hamkasblari orqali sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazish bilan qoʻrqitgan.
U mazkur tekshiruvni amalga oshirmaslik evaziga MChJ rahbaridan 2500 AQSh dollari olgan vaqtida DXX va Prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ushbu soliq idoralari xodimlariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, DXX avvalroq Sharof Rashidov tumani hokimi va Guliston shahar prokurori oʻrinbosarini ushlagandi.