Prezident yoʻl harakati xavfsizligi va tirbandlik boʻyicha yigʻilish oʻtkazmoqda
Fargʻona, Toshkent va Samarqand viloyatlarida YTHlardan oʻlim holati yuqori ekani aytildi. Poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga oʻtib, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab oladi.

Samarqand, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida YTHlardan oʻlim holatlari yuqoriligicha qolmoqda. Prezident raisligida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va tirbandlikni kamaytirish boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Oxirgi 7 yilda bu borada koʻp ishlar qilingani taʼkidlandi. Yoʻllarni qurish va taʼmirlashga 61 trillion soʻm ajratildi. Bu 2017 yilgacha berilgan mablagʻlardan 3,5 barobar koʻp.
Onlayn murojaat tizimi ishga tushib, yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalariga kelish 50 foizga kamaydi.
Shuningdek, 3 ming 365 nafar YHXX xodimiga elektron planshet va bodikamera olib berildi. Qoidabuzarliklarni sunʼiy intellekt asosida saralash va qaror chiqarish amaliyoti joriy qilindi.
Haydovchilik huquqiga imtihon, yoʻl chiziqlari chizish, texnik koʻrik kabi 8 ta xizmat tadbirkorlarga autsorsingga berildi.
Shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yoʻlaklar tashkil qilindi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari sohada oʻz yechimini kutayotgan masalalar koʻpligini qayd etdi.
Mamlakatimizda yoʻl-transport hodisalari oqibatidagi zarar yalpi ichki mahsulotga nisbatan oʻrtacha 0,4 foizni tashkil qilayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Oʻtgan yili 9 ming 364 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan. Ushbu mudhish hodisalarda qariyb 9 ming fuqaro jarohat olgan.
Eng achinarlisi, avariyalar tufayli 2 ming 203 nafar odam halok boʻlgan. Eng koʻp oʻlim holatlari Samarqand, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida.
Joriy yilning olti oyida 20 ta hududda avariyalar soni yuqoriligicha qolmoqda.
Ogʻir oqibatli avariyalar keskin kamaygan tumanlar koʻp. Moʻynoq, Nukus, Taxtakoʻpir, Qonlikoʻl, Yangiobod, Toʻraqoʻrgʻon, Oqqoʻrgʻon, Sayxunobod, Buloqboshi, Ulugʻnor, Bandixon tumanlari va Ohangaron, Shirin, Nurafshon, Xonobod shaharlarida vaziyat yaxshilanib, birorta oʻlim boʻlmadi.
Lekin Qiziltepa, Uychi, Paxtachi, Chust, Toyloq, Urgut, Shovot, Pastdargʻom, Yakkabogʻ, Qoʻshkoʻpir, Xonqa, Denov, Peshku, Beruniy, Olmazor, Bektemir tumanlarida teskari vaziyat.
Soha uchun masʼullarga bizda har 100 ming aholiga oʻlim bilan bogʻliq avariyalar soni Hamdoʻstlik davlatlari ichida eng pastligi xotirjamlikka berilish uchun sabab emasligi koʻrsatib oʻtildi.
“Afsuski, har toʻrtinchi avariyada 1 kishi yoki kuniga oʻrtacha 6 kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak”,
- dedi Prezident.
Qayerda hokim va YHXX birgalikda yoʻl infratuzilmasi bilan jiddiy shugʻullansa, oʻsha yerda oʻzgarish kuzatilayotgani qayd etildi.
Misol uchun, Chustdan oʻtgan D-105 Fargʻona halqa yoʻlining 6 kilometriga muhofaza toʻsiqlari oʻrnatilgani uchun bu yil oʻlim bilan bogʻliq avariya boʻlmadi (ilgari bu yoʻlda yiliga 10 nafar odam vafot etardi).
Prezident topshirigʻiga koʻra, xalqaro va davlat ahamiyatidagi yoʻllar holati oʻrganildi.
1 ming 557 kilometr yoʻllarda beton va temir toʻsiqlar, 967 kilometr trotuar, 38 mingta yoʻl belgisi yetishmasligi aniqlandi.
Shu munosabat bilan Prezidentimiz yoʻl infratuzilmasini yaxshilash orqali avariyalarni kamaytirish boʻyicha “Xavfsiz yoʻl” milliy dasturi boshlanishini eʼlon qildi.
“Xavfsiz yoʻl” milliy dasturi doirasida “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi faoliyati qayta tashkil qilinib, Hukumat boʻysunuviga oʻtkaziladi.
Har bir viloyatda jamgʻarmaning alohida filiallari boʻladi.
Bu yil jamgʻarmaga barcha manbalar hisobidan 400 milliard soʻm tushishi prognoz qilingan.
Bunga qoʻshimcha, foto-video radardan byudjetga tushadigan jarimaning 25 foizi ham jamgʻarma va uning filiallariga yoʻnaltiriladi.
YHXX tizimidagi yoʻl belgilari va svetofor oʻrnatish, yoʻl chiziqlarini chizishga masʼul korxonalar ham viloyatga oʻtkaziladi.
Jamgʻarmaning faoliyati shaffof boʻladi, unga viloyat YHXB va yoʻl boshqarmasi boshliqlari, jamoatchilik vakillari kiradi.
Bundan buyon ushbu jamgʻarma mablagʻlari birinchi galda avariya oʻchoqlari boʻlgan xavfli uchastkalarni tartibga solishga yoʻnaltiriladi (yoʻlni ajratuvchi toʻsiqlar, yoʻl belgilari, yoritgichlar oʻrnatish, piyoda yoʻlaklari tashkil qilish, chorrahalarni raqamlashtirish).
Eng muammoli uchastkalarni aholi va jamoatchilik fikrini oʻrganish asosida aniqlash maqsadida alohida elektron portalni ishga tushirish topshirildi.
Tuman hokimlari, ichki ishlar rahbarlari ushbu portalga qayerga belgi, chiziq, piyoda yoʻlagi va svetofor kerakligi haqidagi maʼlumotni smeta bilan ochiq joylashtiradi.
Aholi ham ushbu roʻyxatni toʻldirishi, loyihalarga ovoz berishi mumkin boʻladi. Portalga qilingan ishlarning video va fotosuratlari qoʻyiladi, buni aholi baholaydi.
Jamgʻarma mablagʻini shakllantirishda barcha viloyat va tumanlarning imkoniyati bir xil emasligi koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, jamgʻarmaga mablagʻlarni loyihalarni moliyalashtirish uchun viloyat va tumanlarga taqsimlash vakolati beriladi.
Ichki yoʻllarni tartibga olish uchun viloyat va tuman hokimlari masʼul boʻladi.
Mamlakatimizda jamoat transporti tizimi aholini rozi qiladigan darajada yoʻlga qoʻyilmagani koʻrsatib oʻtildi.
Shaharlararo avtobuslar grafik boʻyicha emas, balki yoʻlovchilari 40-50 kishi boʻlib toʻlganda yurishga oʻrgangan. Chunki tadbirkorlarga shaharlararo jamoat transportida zararni kompensatsiya qilish mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagan. Subsidiya faqat shahar atrofidagi avtobuslar uchun bor.
Prezident endilikda oʻrta va uzoq masofaga qatnaydigan jamoat transportini rivojlantirish boʻyicha yangi tizim joriy qilinishini aytdi.
Buning uchun Toshkent shahri va viloyatlararo qatnov boʻyicha alohida yondashuv boʻladi.
Poytaxtga kuniga 1 million odam tashrif buyursa, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan keladi.
Shu bois poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga oʻtib, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab oladi.
Buning uchun, Toshkent xalqa yoʻligacha kelayotgan 20 ta avtobus yoʻnalishi 15-20 kilometrga uzaytiriladi, yana yangi 6 ta marshrut qoʻshiladi. Bu Toshkent viloyati aholisi uchun katta qulaylik boʻladi.
“Marshrutlar uzaysa, kutish vaqti koʻpayadi”, deb aholi xavotirga tushmasin. Sentabrgacha poytaxtga 200 ta, keyingi yili yana 1 mingta avtobus olib kelamiz”,- dedi davlatimiz rahbari.
Yangi tizimni poytaxt va Toshkent viloyati uchun 1 sentabrdan, yirik shaharlarda esa kelasi yili 1 yanvardan joriy qilish topshirildi.