platina.uz
Sport

Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlashning asosiy maqsadlari belgilandi

Har yili Olimpiya shaharchasida "Prezident Olimpiadasi" oʻtkaziladi. 

Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlashning asosiy maqsadlari belgilandi

Oʻzbekiston sportchilari Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga kompleks tayyorlanadi.

“2028 yil Los-Anjeles shahrida (AQSh) boʻlib oʻtadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–221-son, 08.07.2025 y.) qabul qilindi.

Quyidagilar Oʻzbekiston sportchilarini Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlashning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

- sportning ustuvor toifadagi boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, ogʻir atletika turlari boʻyicha medallar sonini oshirish;

- sportning rivojlanayotgan toifadagi triatlon, voleybol, stol tennisi, basketbol, zamonaviy besh kurash kabi 21 ta turi boʻyicha litsenziyalarni qoʻlga kiritish;

- xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

Shuningdek, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida erishgan natijalardan kelib chiqib, sport turlari ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalarga ajratiladi.

Ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalardagi sport turlari roʻyxati har 4 yilda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari oʻtkazilgan kalendar yilning yakuniga qadar qayta koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.

2025 yildan oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatlarini uch bosqichli “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” sport musobaqalari shaklida oʻtkazib borish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Ushbu sport musobaqalarda yoshlarni sport bilan doimiy shugʻullantirish xizmatini koʻrsatadigan jismoniy va yuridik shaxslarning sport tayyorgarligiga ega boʻlgan sportchilari ishtirok etishadi.

Musobaqalarning respublika final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida oʻtkaziladi.

Musobaqalarning respublika bosqichida saralangan sportchilar quyidagi sport-taʼlim tashkilotlariga milliy terma jamoalarga zaxira sifatida tayyorlash uchun yoʻnaltirib boriladi:

- 1- va 2-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan sportchilar – Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga;

- 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan sportchilar – hududiy olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlariga.

2025/2026 oʻquv yilidan Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida oʻqish jarayoni 2 ta bosqichda amalga oshiriladi.

1-bosqichda 8–11-sinflar uchun Olimpiya va Paralimpiya maktabi, 2-bosqichda 1–2-kurslar uchun Olimpiya va Paralimpiya kolleji faoliyat koʻrsatadi.

2026 yildan:

- Markaz oʻquvchi-sportchilari kontingenti 800 nafarga yetkaziladi;

- Markazning Olimpiya va Paralimpiya kolleji oʻquvchi-sportchilariga Sport vazirligining stipendiyasi uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida oylik stipendiya taʼsis etiladi.

Olimpiya oʻyinlari va ushbu musobaqa dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha jahon chempionatlari gʻolib va sovrindorlari oliy harbiy (ixtisoslashtirilgan) taʼlim muassasalariga toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid