platina.uz
Jamiyat

Gulnora Karimovaning qoʻlga olinishi jarayoni boʻyicha rasmiy bayonot eʼlon qilindi

"Gulnora Karimovaning 2014 yilda goʻyoki oʻzboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamogʻida saqlangani, "oshxonadagi sud" va boshqa shu kabi daʼvolar asossizdir", deyiladi hujjatda. 

Gulnora Karimovaning qoʻlga olinishi jarayoni boʻyicha rasmiy bayonot eʼlon qilindi

Oʻzbekiston hukumati Gulnora Karimovaning qoʻlga olinishi boʻyicha maʼlumotlarga izoh berdi.

OAVda tarqatilgan BMT Inson huquqlari kengashining Oʻzboshimchalik bilan hibsga olishlar boʻyicha ishchi guruhi tomonidan G. Karimovaning jinoiy javobgarlikka tortilishi yuzasidan qabul qilingan mulohazasiga javoban quyidagilar maʼlum qilingan:

Hukumat Ishchi guruhning fikri manba tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama subʼektiv maʼlumotlar asosida shakllantirilgani, Oʻzbekiston Hukumatining bu borada rasmiy javobi taqdim etilgani, ammo u rasmiy protsessual muddatlar tufayli eʼtiborga olinmaganidan tashvish bildirgan.

Bunday yondashuv BMT organlari amal qilishi zarur boʻlgan xolislik va begʻarazlik prinsiplariga putur yetkazadi, deyiladi izohda.

Oʻzbekiston oʻzaro hurmat, xalqaro huquq normalariga rioya qilish va ikki yoqlama standartlarga yoʻl qoʻymaslik tamoyillariga asoslangan muloqot va xalqaro hamkorlik uchun hamisha ochiq.

G. Karimovaga nisbatan barcha jinoiy ishlar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilik normalariga qatʼiy rioya qilgan holda, shuningdek, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini, jumladan Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt qoidalarini inobatga olgan holda qoʻzgʻatilgan hamda koʻrib chiqilgani taʼkidlangan.

Himoyaga boʻlgan huquq va odil sudlov huquqi jinoyat protsessining barcha bosqichlarida taʼminlangan. G. Karimova mustaqil ravishda tanlangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan himoyachilarga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan.

Jinoyat ishiga oid materiallar bilan tanishish, qarorlar ustidan shikoyat qilish hamda himoyachi bilan muloqotning maxfiyligi tamoyiliga rioya qilingan.

G. Karimova ishi boʻyicha sud qarorlari vakolatli sudlar tomonidan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar, jumladan soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish, davlat mulkini gʻayriqonuniy oʻzlashtirish, firibgarlik va davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazgan boshqa jinoyatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi yetarli dalillar asosida chiqarilgan.

"G.Karimovaning 2014 yilda goʻyoki oʻzboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamogʻila saqlangani, "oshxonadagi sud" va boshqa shu kabi daʼvolar asossizdir. Barcha protsessual harakatlar va sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalari va talablariga toʻliq muvofiq holda oʻtkazilgan. Hozirgi vaqtda mahkuma sud qarorlari ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega", deyiladi hukumat bayonotida.

Oʻzbekiston Hukumati mazkur ish boʻyicha siyosiy sabablar mavjudligi toʻgʻrisidagi daʼvolarni qatʼiyan rad etgan. Huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining barcha harakatlari faqat sudlanuvchining jinoiy harakatlarni sodir etishdagi aybini toʻliq tasdiqlovchi huquqiy va daliliy jihatlarga asoslangan boʻlib, uning qonuniy iqtisodiy faoliyati va/yoki siyosiy mavqei yoki qarashlariga daxl qilmagan.

Bir necha kun avval eʼlon qilingan BMT maxsus ishchi guruhi maʼlumotiga koʻra, Gulnora Karimova 2014 yili Oʻzbekistonda ordersiz va asossiz ravishda hibsga olingan.

U 18 oy uy qamogʻida saqlangan, hatto sud jarayoni ham uning oshxonasida oʻtgani iddao qilingandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid