"Avtomobil ehtiyot qismlari" bozoridagi jinoiy guruh qoʻlga olindi
Ular mijozning avtotransport vositasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar oʻrnatib, katta pul talab qilishgan.

Uchtepa tumanida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozoridagi jinoiy guruh aʼzolari ushlandi.
Toshkent shahridagi kriminogen vaziyatni sogʻlomlashtirish hamda jinoyatchilikka barham berish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilgan.
Tadbir doirasida Uchtepa tumanining Farhod koʻchasida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozorida 12 nafar shaxsdan tashkil topgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.
Jumladan, jinoiy guruh aʼzolari mijozning avtotransport vositasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar oʻrnatib, texnik xizmat koʻrsatishgan.
Shundan soʻng, ushbu xizmat bozor narxida 600 AQSh dollari boʻlishiga qaramasdan, fuqarodan 13300 AQSh dollarini tovlamachilik yoʻli bilan undirishgan.
Eng ayanchlisi, eʼtiroz bildirib, oʻz haqqini talab qilgan mijozga zoʻravonlar qoʻrqitish yoʻli bilan tahdid qilishadi.
Yana shunga oʻxshash holatda esa jinoiy guruh aʼzolari boshqa bir fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz turli ehtiyot qismlarni oʻrnatib, undan 3 barobar qimmat narxda pul talab qilishadi.
Aniqlanishicha, ular avtomashina kalitini fuqarodan olib qoʻyib, tazyiq oʻtkazish orqali undan 15 mln. soʻm undirishgan.
Bundan tashqari, qonunbuzarlar yana 2 nafar fuqaroning avtomashinasini qoʻshimcha ehtiyot qismlar bilan jihozlash uchun ulardan jami 70 mln soʻm miqdorida pul olib, vaʼda qilingan ishni bajarishmagan.
Taʼkidlash joizki, jinoiy guruh aʼzolarining koʻpchiligi 1988 - 2002 yillar oraligʻida Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tugʻilgan boʻlib, ularning aksariyati muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165 - (tovlamachilik) va 168 - (firibgarlik) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov doirasida guruh aʼzolarining boshqa jinoiy harakatlariga va ulardan jabr koʻrgan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
DXX avvalroq Beruniy tumani hokimi oʻrinbosarini qoʻlga olgandi.