Navoiyda "Tashabbusli byudjet" doirasida taʼlimga ajratilgan pullar oʻzlashtirib yuborildi
Mazkur "ish" tashkilotchisi Navbahor tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining tovar-moddiy boyliklar boʻyicha hisobchisi lavozimida ishlagan.

Navoiyda "Tashabbusli byudjet" loyihasidan maktabga ajratilgan pullar oʻzlashtirib yuborildi.
2025 yil 17 iyun kuni jinoyat ishlari boʻyicha Navbahor tumani sudida taʼlim sohasi mansabdorlari va ularning tadbirkor sheriklariga oid sud ishi boʻlib oʻtdi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi XX maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hisobchisi lavozimida ishlab kelgan. U taʼlim boʻlimi rahbari, "The Markus" MChJ rahbari, Billionare Gold Market MChJ rahbarlari bilan oldindan til biriktirgan.
Ular “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2023 yildagi 1,2-mavsumlarida Navbahor tumanidagi 9-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlardan oʻz manfaati yoʻlida foydalangan.
Ayblanuvchilar tumandagi 9-maktabni jihozlash tadbirlaridan foydalanib, jami 96 mln 357 ming soʻmga qimmat narxda mahsulotlar sotib olib, pullarni oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilishga erishgan.
Shuningdek, XX oʻz jinoiy harakatlarini davom ettirib, boshqa mansabdor shaxslar bilan til biriktirib, aybiga iqrorlik bildirmasdan, 41 mln 792 ming soʻmlik mahsulotlarni soxta hisob-fakturalarga rasmiylashtirishga erishgan.
XX 2018 yildan beri Navbahor tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining tovar-moddiy boyliklar boʻyicha hisobchisi lavozimida ishlab kelayotgan boʻlgan. U sudda oʻz aybini tan olmagan.
Bugungi kunda “The Billionaire Gold Market” MChJ va “The Markus” MChJlarning rasmiy rahbari sifatida oʻz ish faoliyatini amalga oshirgan shaxs esa aybiga iqrorlik bildirgan.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, XXga JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qoʻshib, uzil-kesil oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Uning tadbirkor jinoiy sherigiga esa tayinlangan jazolarni qisman qoʻshib, uzil-kesil 1 yil muddatga muayyan huquqdan, yaʼni davlat ishtirokidagi muassasa, korxona va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Hukm qonuniy kuchga kirgandan soʻng Navoiy viloyat prokuraturasining “Mikrokreditbank” Navoiy filialida saqlanayotgan jami 96.357.000 soʻm pullar Navoiy viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi foydasiga oʻtkazilishi belgilandi.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.