Prezident Namangan viloyati boʻyicha hisobot bilan tanishdi
Bugungi kunda viloyatda 55 ming ishsiz aholi, 44 ming kambagʻal oila bor. Ularni kasbga yoʻnaltirib, ish topishiga koʻmaklashish vazifasi qoʻyildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 iyul kuni Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi, hududlardagi ishlarning borishi va loyihalar ijrosi yuzasidan hisobot bilan tanishdi.
Davlat rahbarining 2024 yil 2 dekabrdagi qarori bilan Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari belgilanib, katta marra olingan edi. Jumladan, bu yil 4,2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 1 milliard dollar eksport qilish, 323 ming ish oʻrni yaratish, 55 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish rejalashtirilgan.
Bunda eng katta zamin – kichik biznes va tadbirkorlik. Namanganda mehnatga layoqatli aholini 82 foizi shu sohada roʻzgʻor tebratayapti.
Yil boshidan beri viloyatga qariyb 1 milliard 600 million dollar investitsiya kiritilgan. Lekin buning katta qismi Namangan shahri va markaziy tumanlarga toʻgʻri kelib, Mingbuloq, Norin, Uychi va Chortoqda ham sarmoyalarni koʻpaytirish kerak. Eksportda ham mahsulotlar turini kengaytirish va chekka tumanlar salohiyatini oshirish zarur.
Viloyatda qishloq xoʻjaligida ham moʻl hosil yetishtirilmoqda. Birgina Yangiqoʻrgʻonda gektaridan daromad 20 ming dollardan yuqori.
Shu kabi imkoniyatlarni toʻliq ishga solish uchun Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlar maʼmuriy va iqtisodiy jihatdan isloh qilinmoqda. Namangan viloyatida ham mutaxassislar, ilgʻor tadbirkorlar va xorijiy ekspertlardan iborat “Islohotlar shtabi” ish boshladi. Ular birgalikda izlangani uchun yana 1 milliard dollarlik loyihalar shakllandi.
Yigʻilishda mutasaddilar ana shu yangi imkoniyatlarni taqdimot qildi. Qayd etilganidek, ularning natijasida jami 12 ming ish oʻrni, byudjetga qoʻshimcha 200 milliard soʻm tushum, 160 million dollar eksport manbai paydo boʻladi.
Masalan, Norin tumanida aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish, Mingbuloqda oʻrdakchilikni rivojlantirish koʻzda tutilmoqda. Ular oziq-ovqat mahsulotlari moʻlligini taʼminlashi va koʻplab ish oʻrinlari yaratishi bilan ahamiyatli. Davlat rahbari bu tajribani boshqa hududlarda ham tatbiq etish zarurligini taʼkidladi.
Bugungi kunda viloyatda 55 ming ishsiz aholi, 44 ming kambagʻal oila bor. Ularni kasbga yoʻnaltirib, ish topishiga koʻmaklashish, oʻz uyida daromad manbai yaratish vazifasi qoʻyildi. Ijtimoiy muhitni mustahkamlash, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.




