platina.uz
Jamiyat

3 mlrd soʻmdan oshiq xaridlarda qonunni buzganlarga chora koʻrildi

"Qizilqum fosforit kompleksi"da boshlangʻich qiymati taxminan 2 mlrd soʻmga teng savdolarda qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. 

3 mlrd soʻmdan oshiq xaridlarda qonunni buzganlarga chora koʻrildi

Raqobat qoʻmitasi 3 mlrd soʻmdan oshiq xaridlarda qonunbuzilishiga yoʻl qoʻygan tashkilotlarga chora koʻrdi.

Raqobat qoʻmitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan davlat xaridlari sohasidagi shaffoflik va raqobat muhitini taʼminlash maqsadida oʻrganishlar olib borildi, natijada qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Xususan, korporativ buyurtmachilar tomonidan davlat xaridlari jarayonida amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda harakat qilingani maʼlum boʻldi.

Jumladan, “FIRDAVS-N GRAND” MChJning murojaati asosida oʻtkazilgan oʻrganish jarayonida “ISSIQLIK TAʼMINOTI” MChJ tomonidan boshlangʻich qiymati 750 mln soʻmga yaqin boʻlgan tanlov savdosida qator qonunbuzilish holatlari sodir etilgani aniqlandi.

Tekshiruv davomida ushbu tanlovda ishtirokchilar uchun raqobatni sunʼiy ravishda cheklovchi shartlar kiritilgani, tanlov hujjatlarida aks etgan talablar asosida takliflar toʻliq va xolis baholanmagani, shuningdek, baholash jarayonida qator xatoliklarga yoʻl qoʻyilgani tasdiqlandi.

Shuningdek, “QIZILQUM FOSFORIT KOMPLEKSI” MChJda olib borilgan oʻrganish jarayonida boshlangʻich qiymati taxminan 2 mlrd soʻmga teng boʻlgan 3 ta tanlov savdosida ham qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Ushbu hollarda xarid jarayonida raqobatni cheklovchi talablar kiritilgani, ayrim ishtirokchilar oʻrtasida afillanganlik (yaʼni, oʻzaro bogʻliqlik va manfaatdorlik) holatlari mavjudligi maʼlum boʻldi. Bu esa “Raqobat toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunlar va ularga muvofiq qabul qilingan qonunosti hujjatlar talablarini ochiq ravishda buzish hisoblanadi.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi alomatlari yuzasidan yuqoridagi subʼektlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.

Avvalroq tadbirkorlarga belgilangan 2 mlrd soʻmdan oshiq qarzdorlik bekor qilinishi belgilangandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid