platina.uz
Maqola

Koʻrinmas front jangchilari: KGBning xorijdagi operatsiyalari

Sovet fuqarolari arzimagan qoʻlqop yoki divan, kolbasa yoki pishloq uchun kilometrlik navbatlarda turgan, bir oyda bir marta goʻshtli ovqat yeyishga puli boʻlmagan bir paytda KGB milliardlab dollar mablagʻlarni xorijdagi samarasi va foydasi shubhali maxfiy operatsiyalar uchun sovurgan.

Koʻrinmas front jangchilari: KGBning xorijdagi operatsiyalari
Fotokollaj: Platina.uz

Davlat xavfsizlik xizmatlarining xorijiy davlatlardagi faoliyati borasida soʻz borganda, bir haqiqat koʻp takrorlanadi: muvaffaqiyatli operatsiyalardan hech kim xabar topmaydi, agar biror amaliyotdan keng jamoatchilik xabar topgan boʻlsa, demak, bu operatsiya muvaffaqiyatsiz yoki samarasiz yakunlangan!

Toʻgʻri, davlat oʻzining qudrati bilan maqtanish yoxud raqiblarni chalgʻitish maqsadida ayrim maʼlumotlar yoki dezinformatsion materillarni eʼlon qilishi ham mumkin. Total ishonchsizlik va shubha sharoitida ularga toʻla ishonib boʻlmaydi, albatta.

Uzoqqa bormasdan, joriy yilda Isroilning MOSSAD maxsus xizmati josuslari Eronning havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda yuqori lavozimdagi harbiy va ilmiy elitasini yoʻq qilishgani yoki “Portlovchi peyjer” operatsiyasi doirasida “Hizbulloh” shia jangarilarining yuzlab rahbarlariga juda ustamonlik bilan tayyorlangan zarar yetkazilgani, Ukraina xavfsizlik xizmati Rossiyaning 3 ta shahridagi aerodromlariga zarba berib, rus yadroviy triadasining deyarli 30 foizini yoʻq qilganini misol keltirish mumkin.

Biroq allaqachon tarix changlari ostida qolib ketgan, mahv etilgan davlat va maxfiy xizmatlar oʻtkazgan operatsiyalarning koʻpchiligi maxfiylikdan chiqarilgan. Butun dunyoda kommunistik inqilob qilib, abadiy barhayot boʻlishni daʼvo qilgan boʻlsa-da, 70 yildan ortiq yashamagan SSSR davlatining Davlat xavfsizligi qoʻmitasi (KGB) faoliyati ham shular jumlasidandir. Sovuq urush yillarida KGB jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilgani, NATO va Gʻarbning yuqori mansabdor shaxslarini “ovlagani” va Yaqin Sharqni qoʻrquv iskanjasida ushlab turgani bilan tarixda qoldi. Toʻgʻri, SSSR tugatilgan boʻlsa-da, uning vorisi hisoblanmish Rossiya bu sirlarning asosiy qismini hamon oshkor qilishni istamayapti. Lekin SSSRning birinchi va soʻnggi prezidenti Mixail Gorbachev (1931-2022) eʼlon qilgan siyosiy islohotlar, qayta qurish va oshkoralik yillarida (80-yillar oxiri) ancha-muncha maʼlumotlar matbuot sahifalariga chiqib ketishga ulgurgan. Ularning ayrimlari rostan ham diqqatga sazovor.

1. “Tukan” operatsiyasi

1970-yillarda KGB shunchalik qudratli ediki, hatto kapitalistik dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalarini ham pul va tanishlar yordamida oʻz manfaati yoʻlida ishlata olar, axborot urushlarini boshlab, jamoatchilik fikrini oʻzgartirishga muvaffaq boʻlar edi. KGB sovet ittifoqiga maqbul shaxslarni koʻkka koʻtarar, qarshi tomonlarni esa yer bilan yakson qilishga urinar edi. AQShning The New York Times gazetasi bilan bogʻliq “Tukan” operatsiyasi bunga yorqin misol boʻla oladi.

Sovet va Kuba maxsus xizmatlari 1976 yilda boshlagan ushbu qoʻshma operatsiya Chili rahbari Augusto Pinochet (1915-2006) obrazini jahon miqyosida obroʻsizlantirishga qaratilgan edi. Chunki diktator Pinochet kommunizmni oʻzining asosiy dushmani deb bilar edi.

KGBning sobiq ofitseri, arxiv boʻlimi xodimi Vasiliy Mitroxinning aytishicha, operatsiya gʻoyasi shaxsan Yuriy Andropovga tegishli boʻlgan. “Tukan”ning asosiy maqsadi 2 ta – Pinochetning obrazini OAVda yomon koʻrsatish hamda inson huquqlari tashkilotlarini Chili rahbariga tashqi bosim oʻtkazishga undash boʻlgan.

1976 yilda The New York Times gazetasida Chilida inson huquqlari buzilishi mavzusiga bagʻishlangan 66 ta maqola chop etildi. Qiziq jihati, Kambodjadagi Qizil Kxmerlar rejimi va uning xunrezliklari haqida 4 ta va Kubada inson huquqlari buzilishi haqida atigi 3 ta maqola yozilgan xolos, garchi bu mamlakatlardagi diktatura va inson huquqlari buzilishi Chilidagidan 10 chandon dahshatliroq boʻlsa-da.

Bundan tashqari, KGB diktator Pinochet bilan Chili milliy razvedka boshqarmasi (DINA) rahbari Manuel Kontreras oʻrtasidagi “yozishmalarni” soxtalashtirdi. U yerda hukumat rejimiga qarshi chiqqan va chet elda yashovchi muxolifat aʼzolarini yoʻq qilish rejasi batafsil “yozilgan” edi. Amerikalik jurnalistlar bu xatlarni haqiqiy deb oʻylab, oʻz maqolalarida Lotin Amerikasi diktatori nufuziga yanada katta zarba berishdi.

“Tukan” operatsiyasi davomida KGB AQSh razvedkachilari Chilining DINA xizmatiga siyosiy taʼqiblarni amalga oshirishda yordam berganini “isbotlovchi” soxta xat ham tayyorladi. Keyinchalik koʻplab jurnalistlar, shu jumladan The New York Times’dagi Jek Anderson ham bu soxta xatdan Janubiy Amerikada muxolifatni yoʻq qilishga qaratilgan “Kondor” operatsiyasida MRBning qoʻli borligini isbot qilish uchun foydalanishdi.

2. “RYaN” (raketa-yadroviy hujum) operatsiyasi

Bu sovet ittifoqi tarixidagi eng yirik va murakkab razvedka operatsiyasi boʻlgan. 1981 yilda “Raketa-Yader Napadeniye” (RYaN) operatsiyasini oʻtkazish KGB va GRUga topshirildi.

RYaNning maqsadi AQShning sovet ittifoqiga qarshi yadroviy zarba berish tayyorgarligini koʻzdan qochirmaslik va shunday hujumga qarshi toʻgʻri strategiya ishlab chiqish edi. Sovet rahbariyatidagi xavotirlar Vashingtonda kommunizmga qarshi qattiq siyosat yuritgan Ronald Reygan hokimiyatga kelganidan keyin paydo boʻldi.

Operatsiya doirasida “Varshava shartnomasi”ga kiruvchi mamlakatlardan tashqaridagi sovet razvedka rezidenturasi faoliyati keskin kuchaytirildi. Yadroviy hujum buyrugʻini berishga vakolatli shaxslar, ballistik va qanotli raketalarni uchirish uchun javobgarlar hamda NATO davlatlarining Havo kuchlari rahbariyatidagi yuqori lavozimli xodimlar kuzatuv ostiga olindi. Shuningdek, yadroviy urush boshlangan taqdirda ishga tushishi shart boʻlgan “mudroq” agentlar tarmogʻi ham yaratildi.

Qimmatbaho operatsiya 1984 yilda uning asosiy tashabbuskorlari – sovet ittifoqi kommunistik partiyasi (KPSS) bosh kotibi Yuriy Andropov va mudofaa vaziri Dmitriy Ustinov vafot etganidan keyin toʻxtatildi.

3. KGB “Hizbulloh”ga qarshi

1985 yil 30 sentabr kuni, aynan SSSRning Bayrutdagi elchixonasi yonida “Hizbulloh” harakati aʼzolari toʻrt nafar sovet diplomati, shu jumladan, KGBning shtatdagi 2 xodimi – Valeriy Mirikov va Oleg Spirinni oʻgʻirlab ketishdi. Oʻgʻirlash “klassik” uslubda amalga oshirildi: mashinalarni toʻsish, qora niqoblar, oʻq uzish va tahdidlar... Konsullik boʻlimi xodimi Arkadiy Katkov qarshilik koʻrsatishga urindi, ammo hujumchilardan biri uni pulemyot oʻqlari bilan yiqitdi.

Oʻgʻirlash uchun masʼuliyatni Livandagi “Xolid bin Valid kuchlari” guruhi oʻz boʻyniga oldi, ammo KGBning Bayrutdagi rezidenturasi asl tashkilotchilar shia fundamentalistlari – “Hizbulloh” faollari ekanini aniqladi. Shuningdek, sovet diplomatlarini oʻgʻirlash Erondagi radikal ruhoniy doiralar bilan kelishilgani va terrorchilar “Hizbulloh”ning diniy rahbari, shialar shayxi Fazlullohdan “oq fotiha” olgani haqida maʼlumot kelib tushdi.

“Hizbulloh” shia jangarilari oʻz niyatlari qatʼiyligini isbotlash uchun ular qoʻlga olinganlardan birini otib oʻldirishdi. Moskva darrov Hofiz Asadga bosim oʻtkazdi va operatsiya toʻxtatildi.

“Hizbulloh”ning talabi – Hofiz Asadni u tayyorlayotgan Suriya qoʻshinlarining shimoliy Livanni “tozalash” amaliyotidan voz kechishga majburlash edi. Chunki Tripoli va Bayrut shaharlari “Hizbulloh” nazoratidagi hududlar edi.

Moskva terrorchilarning deyarli barcha talablarini bajarganiga qaramay, “Hizbulloh” sovet fuqarolarini ozod qilishga shoshilmadi va yangi talablar qoʻya boshladi.

KGB rahbariyati muammoni hal qilish uchun boshqa yoʻllar izlay boshladi. Odam oʻgʻrilarining shaxsi va diplomatlarni saqlayotgan joy tezda aniqlandi. Ammo sovet maxsus kuchlarini binoni hujum bilan egallab olish uchun yuborish gʻoyasi tezda rad etildi – bu ortiqcha shov-shuvga sabab boʻlishi mumkin edi.

KGBga tasodifiy vaziyat yordam berdi. Livan harbiylari bilan otishmada oʻgʻirlovchilardan biri va ikkinchisining akasi halok boʻldi. Sovet ittifoqi bu ishga aloqasi yoʻqligiga qaramay, KGB oʻz “quloqlari” orqali “ruslar oʻz odamlarini oʻgʻirlaganlar bilan yashirincha “hisob-kitob qilyapti” degan mish-mish tarqatdi.

“Rossiya tashqi razvedkasi tarixi ocherklari” kitobining 6-jildida yozilishicha, markaz oʻz rezidentiga “Hizbulloh”ning oʻsha paytdagi diniy rahbari bilan uchrashish va unga bosim oʻtkazishni buyurdi. Livandagi sovet rezidenti Yuriy Perfilev “Hizbulloh”ning asoschisi va maʼnaviy rahbari, Oyatullo Fazlulloh bilan uchrashuvga yoʻl oldi. Fazlulloh rus rezidentini mehmondoʻstlik bilan kutib oldi. Rezident “SSSR maksimum sabr koʻrsatdi, ammo jiddiy harakatlarga oʻtishi mumkin”, dedi. Biroq Fazlulloh oʻzaro suhbatda rezidentning garovdagi diplomatlar masalasini hal qilishga urinishlarini keskin rad etdi.

Shunda Perfilev rahbariyatdan ruxsat olmagan tarzda bir gapni aytdi. U Oyatulloh Xumayniy rezidensiyasi shialar uchun muqaddas Qum shahrida – sovet ittifoqi chegarasiga yaqin joylashganini va sovet armiyasining oʻquv mashgʻulotlari vaqtida texnik nosozlik sababli biror raketa “tasodifan” Qum tarafga uchib ketib, Humayniyni portlatib yuborishi mumkinligini aytdi. “Va Alloh saqlasin, bu yadroviy kallak oʻrnatilgan raketa boʻlsa, ish batamom rasvo boʻladi”, dedi rezident “gap orasida”.

Bu yashirin tahdid ish berdi. Oʻtkir sukunatdan soʻng Fazlulloh: “Menimcha, hammasi yaxshi boʻladi”, dedi.

Shu bilan birga, KGBning Bayrut rezidenturasi Imod Mugʻniya (oʻgʻirlashni boshqargan shaxs) atrofidan bir nechta odamni yolladi, shuningdek, uning bir necha qarindoshlarini hibsga oldi. Kuchli psixologik bosim oʻz samarasini berdi: oʻgʻirlanganidan bir oy oʻtgach, sovet diplomatlari ozod qilindi.

4. “Kedr” operatsiyasi

1959-1972 yillarda sovet agentlari AQShda Nyu-York shtati va shu nomdagi megapolisning elektr taʼminoti tizimi haqida maʼlumot yigʻishgan. Shu bilan bir vaqtda boshqa agentlar shimolroqda – Kanadadagi neftni qayta ishlash zavodlarini turli nuqtalardan suratga olishgan. Maqsad – AQShda yirik gidroelektrostansiyalarda diversiyalar uyushtirish va shu orqali keng koʻlamli elektr energiyasi oʻchishlarini keltirib chiqarish, Montana shtatidagi Hangri-Hors toʻgʻonini yoʻq qilish edi.

Britaniyaning MI-5 razvedka xizmatining (sobiq KGB razvedkachisi, siyosiy qochoq Vasiliy Mitroxin hujjatlariga asoslangan) versiyasiga koʻra, shu yoʻl bilan sovet maxsus xizmatlari AQShning sharqiy sohilidagi elektr taʼminoti tizimiga qarshi yirik diversiya rejasini ishlab chiqqan. Buning uchun uning eng zaif nuqtalari aniqlangan. Hisob-kitoblarga koʻra, Montanadagi Fletxed toʻgʻoni yaqinidagi borish qiyin joyda elektr uzatish simlari ustunlarini portlatish orqali Hangri-Hors GESini ham oʻchirish mumkin edi. Bu diversiyachi guruhlarga toʻgʻridan-toʻgʻri toʻgʻonni egallab uni yoʻq qilish imkonini berardi.

Ikkita yirik gidroelektrostansiyani ishdan chiqarish Nyu-York va uning atrofidagi shaharlarni toksiz qoldirardi. Kanadadagi neftni qayta ishlash zavodlarida yuzaga keladigan yongʻinlar esa AQShning shimolidagi yoqilgʻiga muhtoj issiqlik elektr stansiyalarini yoqilgʻisiz qoldirib, energiya yetishmovchiligini tezda qoplash imkonini yoʻqqa chiqarishi mumkin edi.

Biroq keyinchalik bu amaliyot toʻxtatilgan. Uning samarasizligi yoki amalga oshirish imkonsizligi sovet rahbariyatini shunga majburlagan boʻlsa ehtimol. Sovet fuqarolari bir oy ishlab, atigi 3-50 dollar atrofida maosh olgan bir paytlarda bu ahmoqona va fantastik amaliyotga millionlab dollar sarflangan, minglab qimmatli josuslar safarbar etilgani ayniqsa achinarli.

5. “Vixr” (girdob) operatsiyasi

1956 yilda Vengriya Xalq Respublikasi xalqi manfur sovet tizimidan ozod boʻlish va mustaqillik eʼlon qilish uchun isyon koʻtardi. Xalq koʻchalarga chiqdi, sovet bosqinchilari va zolim va qonxoʻr Stalinga oʻrnatilgan haykallarni agʻdarib tashladi, rus askarlarini Vengriyadan chiqib ketishga chaqirdi. SSSR bu isyonni qonli ravishda bostirdi. Shaharlarga tanklar kirdi, samolyotlardan bombalar yogʻdirildi. Sovet askarlari koʻplab vengriyaliklarni shafqatsizlarcha, itdek otib tashladi. Koʻchalarda qon ariq boʻlib oqdi.

Ammo bundan avvalroq, 1956 yil 3 noyabr kuni sovet tomoni Vengriya rahbarini muzokara oʻtkazish bahonasida aldab bir binoga chaqirdi. KGB ofitserlari Vengriyaning yangi mudofaa vaziri Pal Malatertni sovet delegatsiyasi bilan muzokaralar chogʻida hibsga oldi. 4 noyabr soat 6:00 da sovet qoʻmondonligi radio orqali “Grom” (momaqaldiroq) kodli signalini uzatdi. Bu Vengriya qoʻzgʻolonini bosishga qaratilgan “Vixr” operatsiyasining boshlanganini anglatar edi.

Qoʻzgʻolonni bosish vazifasi maxsus korpus zimmasiga yuklatildi. Jami 15 dan ortiq tank, mexanizatsiyalashgan, piyoda va aviatsiya diviziyalari, 7 va 31-desant diviziyalari, temir yoʻl brigadasi (60 mingdan ortiq harbiylar) qatnashdi. Shahar inshootlarini egallash uchun maxsus otryadlar tuzildi, ularga 150 desantchi, BTR va 10-12 ta tank yordam berdi.

Har bir otryad tarkibida KGB xodimlari – general-mayor Pavel Ziryanov, general-mayor Kuzma Grebennik (keyinroq u Budapesht harbiy komendanti etib tayinlanadi) va mashhur nolegal agent Aleksandr Korotkov ham bor edi. Ular Imre Nad hukumati aʼzolarini qoʻlga olish va hibsga olishni tashkil etish vazifasini bajarishdi.

Bir kun ichida Budapeshtdagi asosiy nuqtalar egallandi. Imre Nad hukumati aʼzolari Yugoslaviya elchixonasiga yashirindi. 22 noyabr kuni soat 18:30 da Yugoslaviya elchixonasi yonida yengil mashinalar va kichik avtobus toʻxtadi, diplomatlar va Vengriya hukumati aʼzolari, jumladan Imre Nad avtobuslarga chiqishdi.

KGB podpolkovnigi Vengriya hukumatiga avtobusdan tushishni buyurdi, ammo ularning tushishini kutib oʻtirmadi. Bir necha sovet bronetransportyorlari avtobusni qurshab olib, yurgani imkon bermadi. Keyinroq KGB raisi Serov SSSR markaziy qoʻmitasiga “I.Nad va uning jamoasi hibsga olindi, Ruminiyaga yetkazildi va ishonchli joyda qamoqda saqlanmoqda”, deya xabar berdi. Shu tariqa Vengriyaning sovet istilosidan qutulib, mustaqillikka erishishga birinchi urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

6. Jon Uolkerni yollash

KGB Gʻarb maxsus xizmatlarining mutaxassislarini yollashda koʻplab muvaffaqiyatli operatsiyalari bilan mashhur. Ularning eng omadlilaridan biri – 1967 yilda amerikalik shifrchi Jon Uolkerni (1937-2014) yollash edi.

Shu vaqtda KGB qoʻlida AQShda foydalaniladigan KL-7 shifrlash mashinalari ham bor edi.

Jurnalist Pit Erli yozganidek, bu yollash “xuddi AQSh harbiy-dengiz kuchlarining aloqa markazi Qizil maydonda filial ochgani” bilan barobar edi.

Uolker 17 yil davomida fosh boʻlmasdan, AQSh qurolli kuchlari va razvedka xizmatlarining sirlarini SSSRga maʼlum qilib turdi. Qayerda maxfiy oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilmasin, oʻsha yerda KGB odamlari hoziru nozir boʻlishar edi.

Uolker shifr kalitlari jadvallarini har kuni sovetlarga uzatib turardi. Sovetlar esa qoʻllaridagi shifrlash mashinasida bu kalitlar yordamida AQSh armiyasining shifrlangan maxfiy xabarlarini bemalol oʻqib oʻtirishar edi. U oʻz oila aʼzolarini ham agentura tarmogʻiga jalb qildi – va bu xatosi uning fosh boʻlishiga sabab boʻldi. Xotini Barbara bilan ajrashgach, sobiq xotin Uolkerdan oʻch olgisi kelib qoldi. Barbara darrov borib AQSh politsiyasiga erining josus ekanini chaqib berdi. Keynchalik sudda ham aniq-tiniq dalillar bilan eriga qarshi koʻrsatmalar berdi. AQSh sudi Uolkerni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Yovuzlik himoyasida 37 yil...

KGB 1954 yil 13 mart kuni SSSR oliy soveti prezidiumi qarori bilan tashkil etilgan edi. Keyingi 37 yil davomida bu uch harf sovet ittifoqining eng mashhur ramzlaridan biriga aylandi. Kimlardir bu nomdan qoʻrqar, boshqalar esa uni faxr bilan tilga olar edi.

Ammo Lubyankada (KGBning Moskvadagi bosh qarorgohida), shuningdek, 15 ta respublikadagi hududiy binolari va yertoʻlalarida aslida nima ishlar boʻlgani haqida toʻliq tasavvurga ega boʻlishimiz qiyin.

Biroq millionlab sindirilgan taqdirlar, xoinlar va vahshiylarning hikoyalari hamda millionlab begunoh insonlarning qoni KGBning tarix kitobiga shu qadar singib “boʻkib” ketganki, bu tarix kitobini bemalol “xiyonat va yovuzlikning qizil va qonli kitobi” deb atash mumkin.

KGB nafaqat SSSR ichida ozodlik, hurfikrlilik va insoniylikni boʻgʻishga, boshqa xalqlarni itoatda saqlashga urindi, balki xorijda ham yovuzlik tuzumi oʻrnatilishi uchun faol harakat qildi.

Sovet fuqarolari arzimagan qoʻlqop yoki divan, kolbasa yoki pishloq uchun kilometrlik navbatlarda turgan, bir oyda bir marta goʻshtli ovqat yeyishga puli boʻlmagani holda KGB milliardlab dollar mablagʻlarni xorijdagi samarasi va foydasi shubhali boʻlgan maxfiy operatsiyalar uchun sovurgan. Oʻz fuqarolari qiynalayotgan bir sharoitda xorijdagi kommunistlarni qoʻllab-quvvatlashga shoshilgan.

Puch va yolgʻon gʻoyalar yoʻlida millionlab SSSR fuqarolarining baxti va kelajagini qurbon qildi. Biroq adolat va ezgulik baribir gʻalaba qozondi – atigi 70 yil mavjud boʻlgan SSSR oʻzining qoʻrqinchli KGBsi bilan birga yoʻqlik qaʼriga quladi...

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid