Texnik jihatdan tartibga solish inspeksiyasi mutaxassisi ushlandi
U gʻisht zavodida aniqlangan kamchiliklarni boʻrttirib yozib, soʻngra kamaytirib berish evaziga pul talab qilgan.

Samarqandda inspeksiya bosh mutaxassisi pora bilan qoʻlga tushdi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Samarqand viloyati boʻlimi bosh mutaxassisi Paxtachi tumanidagi MChJlardan biriga qarashli gʻisht zavodida nazorat tekshiruvini amalga oshirgan. U aniqlangan kamchiliklarni boʻrttirib, goʻyoki 226 mln soʻmlik sifatsiz gʻisht mahsulotlari ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilinganligini aytadi.
Soʻngra, u oʻtkazilgan tekshiruv yuzasidan tuzishi lozim boʻlgan bayonnomada ushbu 226 mln soʻm jarimani 25 mln soʻmgacha kamaytirish evaziga 3 000 AQSh dollari talab qiladi.
DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida bu uddaburon bosh mutaxassis oʻz xizmat xonasida 2500 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avval Ohangaronda hokimlik mansabdori qoʻlga olingandi.