Toshkent metrosida chiptaxonalar yopila boshlandi
Kuzatuvlarga koʻra yoʻlovchilarning 6-7 foizigina naqd toʻlovdan foydalanmoqda.

Toshkent metrosida chiptaxonalarni yopish boshlandi. Bu haqda metropoliten maʼmuriyati xabar berdi.
Toshkent metropoliteni yoʻlovchilariga qulaylik yaratish hamda kassa oldidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida metrodan foydalanishda yoʻl haqini toʻlashning 10 dan ortiq turi mavjud.
Jumladan, QR-kodli bir martalik chiptalar 3000 soʻmni tashkil qilsa, boshqa toʻlov usullari 1700 soʻm va undan ham arzon. Shuni inobatga olib, hozirgi vaqtga kelib yoʻlovchilarning kam sonli qismigina naqt pul koʻrishida yani kassadan QR-kodli chipta harid qilib yoʻl haqini toʻlashmoqda.
Raqamlarga qaraydigan boʻlsak, ilgari bir martalik QR-kodli chiptalardan metro yoʻlovchilarining 45-50% foydalangan boʻlsa, hozirgi vaqtga kelib qariyb 6-7% ni tashkil qilmoqda.
Uzoq vaqt davom etgan kuzatuv va oʻrganishlar natijalariga koʻra bir qancha metro bekatlaridagi vestibyullarda joylashgan kassalarda chiptalar harid qilinish koʻrsatgichi keskin kamaygani aniqlandi. Shu boisdan, naqt pul koʻrinishida toʻlovni amalga oshiruvchi yoʻlovchilar soni kam boʻlgan 13 ta metro bekatlarining (Mirzo Ulugʻbek, Xalqlar doʻstligi, Paxtakor, Hamid Olimjon, Pushkin, Doʻstlik, Toshkent, Oybek, Tinchlik, Shahriston, Bodomzor, Minor hamda Abdulla Qodiriy ) 1 tadan vestibyullaridagi kassalar yopildi va ushbu vestibyullarga chipta sotib olish uchun avtomatlashtirilgan bankomatlar sinov tariqasida oʻrnatilmoqda.
Shuningdek, metro yoʻlovchilari kassa yopilgan vestibyullarda ham avtomatlashtirilgan toʻlov turlarining boshqa usullari orqali toʻlov qilish imkoniyatiga egalar. (ATTO kartalari, bank kartalari, turli mobil ilovalar, kaft orqali va boshqa toʻlov usullari).
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil 1 yanvardan avtobuslarda naqd toʻlov toʻxtatilgandi.