Rossiya Ukrainaga qarshi katta hujum uyushtirdi
Bu jarayon AQSh va Rossiya prezidentlari telefon muloqotidan soʻng sodir boʻldi. Tramp suhbatdan koʻngli toʻlmaganini aytgan.

Rossiya qurolli kuchlari Ukraina hududlariga qarshi ommaviy raketa hujumi uyushtirdi.
Bu RF prezidenti Vladimir Putinning AQSh rahbari bilan suhbatidan keyin sodir boʻldi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan butun harbiy mojaro davomida Kiyevga berilgan eng yirik zarbalardan biri haqida xabar berdi. Unga koʻra, Rossiya kamida 550 ta dron va raketalarni uchirdi.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning qayd etishicha, kamida 23 kishi jabrlangan, shahar aholisi poytaxtdagi portlashlardan qoʻrqib, tun boʻyi yashirinib chiqqan.
Nafaqat Ukraina poytaxti hujumga uchradi - zarbalar natijasida Dnepropetrovsk, Sumi, Xarkov, Chernigov va Kiyev viloyatlari jabr koʻrdi.
"Poytaxtimiz yana keng koʻlamli zarba nishoniga aylandi. Bu yana bir dalil: keng koʻlamli bosimsiz Rossiya oʻzining buzgʻunchi vektorini oʻzgartirmaydi. Hozir koʻp narsa sheriklarga, birinchi navbatda AQShGA bogʻliq", deb yozadi Zelenskiy.
Eslatib oʻtamiz, yaqinda Tramp va Putin oʻrtasida yana bir suhbat boʻlib oʻtdi.
Amerika rahbari qurolli mojaroga imkon qadar tezroq barham berish zarurligi haqida gapirdi, uning rossiyalik hamkasbi oʻz maqsadlaridan qaytmasligini taʼkidladi.
Tez orada Tramp Putin bilan suhbatdan hafsalasi pir boʻlganini aytdi. U Zelenskiy bilan vaziyatni muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
Yaqinda Oq uy Qoʻshma Shtatlar Ukrainaga vaʼda qilingan oʻq-dorilarning bir qismini yetkazib berishni toʻxtatishi haqida xabar bergandi. Bu xususan, Patriot tizimlariga tegishli.