Buxoro viloyati sobiq hokimi vafot etdi
Damir Yodgorov rahbarligida viloyatda seleksiya va urugʻchilik sohasini ilmiy rivojlantirish borasida muhim ishlar amalga oshirilgan.

Buxoro jamoatchiligi judolikka uchradi. Davlat va jamoat arbobi Damir Salixovich Yodgorov 4 iyul kuni uzoq davom etgan xastalikdan soʻng 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi xabar berdi.
Damir Yodgorov 1937 yil 18 fevralda Shofirkon tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatib, 1960 yilda Toshkent qishloq xoʻjaligi institutini muvaffaqiyatli tamomlagan.
Mehnat faoliyatini Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti yoshlar qoʻmitasining kotibligi lavozimidan boshlab, uzoq yillar Yoshlar tashkiloti hamda qishloq va suv xoʻjaligi tizimidagi masʼul vazifalarda ishladi.
U 1992-1994-yillarda Buxoro viloyati hokimi sifatida ishlagan ishlagan.
Uning bevosita rahbarligida viloyatda seleksiya va urugʻchilik sohasini ilmiy rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Oʻzbekiston paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti Buxoro filiali direktori sifatidagi mehnat faoliyati yillarida paxtaning Zarafshon vohasiga mos 10 ga yaqin iqtisodiy samarador navlari kashf etildi.
Damir Yodgorov “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi” unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.