Toshkentdagi bankdan 90 ming dollar oʻgʻirlaganlar ushlandi
Ular terminalga notoʻgʻri axborot kiritish orqali pullarni olib chiqib ketishgan.

Toshkent shahri, Yashnobod tumanida joylashgan bankdan firibgarlik yoʻli bilan 90 ming dollar olib chiqib ketganlar ushlandi.
Joriy yil 18 iyun kuni Yashnobod IIO FMBga Tenge Bank boʻlimi rahbari ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida 90 ming AQSh dollari talon-toroj qilingani haqida xabar bergan.
Oʻsha kuni nomaʼlum shaxslar terminalga notoʻgʻri axborot kiritish orqali 90 ming AQSh dollarini olib ketgani aniqlangan.
Olib borilgan tezkor tadbirlarda jinoiy guruh aʼzolari, jami 9 kishi qoʻlga olingan.
Tadbirda 11 ta telefon, toʻqqizta bank kartasi, postterminal, 1 mln 670 ming va 36 ming dollardan oshiq mablagʻ ashyoviy dalil sifatida olindi.
Jami 9 kishi JKning 223-moddasi tartibida ushlanib, tergov jarayoni davom ettirilmoqda.
Avvalroq "Anorbank" aksioneri Parijda oʻgʻirlab ketilgani maʼlum boʻlgandi.