Rossiyalik yuqori martabali general raketa hujumida halok boʻldi
Mixail Gudkov Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qoʻmondoni oʻrinbosari vazifasini egallab turgandi.

Ukraina raketa zarbasi sabab yuqori martabali rossiyalik general oʻldirildi.
General-mayor va Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Mixail Gudkov Kursk viloyatida vafot etdi, deb xabar berdi Primore oʻlkasi gubernatori Oleg Kojemyako.
"U oʻz safdoshlari bilan birga ofitserlik burchini bajarayotib halok boʻldi. Komandir bilan birga uning sodiq safdoshi, umumiy doʻstimiz Narimon Shixaliyev ham halok boʻldi", — deb yozdi guberator oʻzining Telegram-kanalida.
Kojemyako Gudkovni shaxsan taniganini taʼkidlab oʻtgan, uni “baquvvat jangchi” deb taʼriflagan.
Mixail Gudkov - Novosibirskda tugʻilgan. Oliy maʼlumotni Novosibirsk oliy harbiy qoʻmondonlik bilim yurtida olgan. Gudkov shu yilning mart oyida Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qoʻmondoni oʻrinbosari etib tayinlangan edi. Bungacha u Tinch okean flotining 155-dengiz brigadasini boshqargan. “Rossiyskaya gazeta”ning yozishicha, Gudkov boshchiligidagi 155-brigada Kursk viloyatidagi harbiy amaliyotlarda qatnashgan.
2023 yil kuzida oʻsha paytda polkovnik unvonini egallagan Gudkov "Rossiya qahramoni" unvonini qoʻlga kiritgan.
Eslatib oʻtamiz, mustaqil manbalar Rossiya Ukraina urushida minglab ofitserlarni yoʻqotayotgani haqida bong urib keladi.
Avvalroq Moskvadagi portlashda general Yaroslav Moskalik halok boʻlgandi.