Oʻzbekistonda xususiy OTMlar faoliyatini litsenziyalashning qoʻshimcha shartlari belgilandi
Talabgor tomonidan 350 ming AQSh dollari ekvivalentidagi mablagʻ tijorat banklaridagi depozitlarga zaxira uchun joylashtiriladi.

Oʻzbekistonda nodavlat OTMlar faoliyatini litsenziyalashning qoʻshimcha shartlari belgilandi.
Bu boʻyicha Vazirlar Mahkamasining “Respublikada nodavlat taʼlim xizmatlari sifatini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 403-sonli qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, litsenziyalashning qoʻshimcha shartlari quyidagilardan iborat: talabgor tomonidan tashkil etilayotgan oliy taʼlim tashkilotining konsepsiyasi taqdim etiladi.
Konsepsiyada quyidagilar koʻrsatiladi:
- taʼlim tashkilotining nomi;
- maqomi;
- boshqaruv tizimi va kadrlari;
- asosiy taʼlim va ilmiy faoliyat yoʻnalishlari;
- qabul parametrlari;
- taʼlim sifatini taʼminlash tizimi va vositalari;
- toʻlov-kontrakt miqdori va uning hisob-kitobi;
- taʼlim tashkilotini rivojlantirish boʻyicha 5 yillik strategik rejasi;
- taʼlim tashkiloti faoliyatiga oid boshqa muhim masalalar.
Talabgor tomonidan nodavlat oliy taʼlim tashkilotining taʼlim jarayoni bilan bevosita bogʻliq boʻlgan moddiy-texnik baza, dasturiy taʼminotni oʻz ichiga olgan dastlabki ustav fondi (ustav kapitalini) 2 mln AQSh dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda shakllantiradi.
Keyinchalik talabalar sonining koʻpayib borishiga mutanosib ravishda ustav fondi oshirib boriladi.
Talabgor tomonidan 350 ming AQSh dollari ekvivalentidagi mablagʻlar tijorat banklaridagi depozitlarga zaxiraga joylashtiriladi.
Tashkil etilayotgan oliy taʼlim tashkilotining taʼlim jarayoniga moʻljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming kv/metrdan kam boʻlmasligi lozim.
Bunda bino universitetning oʻz mulki boʻlishi shart emas, kamida 5 yil muddatga tuzilgan ijara (tekin foydalanish) shartnomasi asosida ish boshlash ham mumkin.
Oliy taʼlim tashkiloti tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5 yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa kamida 50 foizi mazkur taʼlim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yoʻnaltiradi.
Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi. Qaror kuchga kirgunga qadar litsenziya olgan tadbirkorlik subʼektlari 2026 yil 1 yanvarga qadar oʻz faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.