Ochilmagan sirlar: Vudu qoʻgʻirchogʻi va jodugarlik
Qoʻgʻirchoqqa sinchiklab tikilgan ayol yana bir narsaga koʻzi tushib, qaltirab ketdi: qoʻgʻirchoqning oyoqlari qayrilib, kichkina ignachalar tiqib tashlangan edi...

...Bir necha haftadan beri Shohjahonning ishi oʻngidan kelmaydi. Kayfiyati doim rasvo, lekin sababini bilmaydi. Ishga ham, oilaga ham hafsalasi qolmagan. Boshlagan ishlari oʻlda-joʻlda qolib ketadi. Jahldor va jizzaki boʻlib qolgan. Avvalgi quvnoq va gʻayratli Shohjahonni oʻzgartirib, boshqa odam bilan almashtirib qoʻyishgan goʻyo.
Bu ham kamlik qilgandek, soʻnggi paytlarda Shohjahonning oyogʻi ogʻriy boshladi. Doktorlarga koʻrinsa, deyarli kamchilik topishmadi, hammasi joyida deyishdi. Biroq Shohjahonning ruhiy va jismoniy ahvoli kun sayin ogʻirlasha bordi. Oxiri yurolmay qoldi. U endi uzzu-kun toʻshakda choʻzilib yotar, kayfiyati rasvo, yashashga ham qiziqishi qolmagan goʻyo.
Xotini nima boʻlayotganini tushunmas, eriga qanday yordam berishni bilmasdi. Bir kuni hovlini supurayotib, darvozalarni yuvib qoʻyishga unnadi. Darvoza sirtidagi temir gulli naqshlarni artayotib, ular orasidan bir parcha mato parchasi chiqib turganiga koʻzi tushdi. Olib tashlash uchun tortgan edi, gʻalati bir tuguncha qoʻliga ilashib chiqdi. Ayol qiziqib tugunchani ochdi. Uni koʻrib gʻalati boʻlib ketdi...
Tuguncha ichida shamdan yasalib, matodan koʻylakcha kiydirilgan kichkina qoʻgʻirchoqcha yotardi. Yuz qismiga erining qandaydir hujjatdan yulib olingan fotosurati yopishtirilgan. Qoʻgʻirchoqqa sinchiklab tikilgan ayol yana bir narsaga koʻzi tushib, qaltirab ketdi: qoʻgʻirchoqning oyoqlari qayrilib, kichkina ignachalar tiqib tashlangan edi...

Iztiroblar ichida tugʻilgan Vudu
Bunday issiq-sovuq yoki qora sehrgarlik uchun yasalgan qoʻgʻirchoqlarni “Vudu qoʻgʻirchogʻi” deb atashadi. Aslida Vudu – diniy- falsafiy taʼlimot. Vudu sehrgarligi uning bagʻrida paydo boʻlgan kichik shoxobcha xolos. Uning paydo boʻlish tarixi ham qaygʻuli.
Vudu – azob va qiynoqlar bagʻrida tugʻilgan. Uning ildizlari Gʻarbiy va Markaziy Afrika zaminlariga – ajdodlar ruhlariga va tabiat quvvatiga ishonuvchi qabilaviy eʼtiqod va anʼanalarga borib taqaladi.

Oq tanlilar bu yerga qul ovlash maqsadida hujum qilib turishgan. Tutilgan qora tanli odamlar kemalarning qorongʻi tryumlariga tiqilib, Atlantika ummoni orqali – Haiti oroli, Luiziana va Kuba plantatsiyalariga ishlashga olib ketilardi. Sobiq afrikaliklar yerda mustamlakachilar qamchisi ostida oʻz eʼtiqodlarini katolik diniga almashtirishdi: afrika ruhlari nasroniy avliyolar qiyofasini oldi, qadimiy afrikacha duolar esa nasroniy litaniyalarga singib ketdi.

Karib dengizi orollariga 1503 yildan boshlab olib kelingan qullar orasida katolik dinini yoyish jarayonida anʼanaviy afrika eʼtiqodlari asta-sekin kvazi-dinga aylandi, u qisman monoteistik dinlarning eʼtiqodlarini ham oʻziga singdirdi. Chunki ayrim afrika xalqlari (ayniqsa shimoliy va sharqiylari) Amerikaga qul qilib olib ketilishidan oldin ham Islom va nasroniylik dini taʼsirida boʻlishgan.
Yangi diniy eʼtiqod tarqalgan hududlar – Kuba, Yamayka, Braziliya, Dominikan Respublikasi, AQShning Orlean va Luiziana shtatlari va ayniqsa Haiti oroli edi. Avval katolik cherkovi koʻchirib kelinganlar anʼanaviy mistik diniy urf-odatlariga qarshi qattiq kurash olib borib, ularni katolik eʼtiqodini qabul qilishga majburlagan. Ammo bu harakatlar kutilgan natijani bermadi.
Shunday qilib, “Haiti Vudusi” – omon qolish va qarshilik koʻrsatish dini paydo boʻldi. 1791 yilda qullar qoʻzgʻolon koʻtarganida ular loa(ruhlar)ga murojaat qilib, zolimlarni agʻdarishda yordam soʻrashdi. Shundan soʻng yevropaliklar uchun vudu nafaqat “yovvoyilik”, balki qoʻzgʻolon va erkinlikdan qoʻrqish ramziga aylandi.

Qisqacha aytganda, Vudu – afrika aborigenlarining anʼanaviy animistik eʼtiqodlariga asoslangan sehr va jodugarlik tizimi. Afrikadagi mustamlakachilik davrida bu umumlashtirilgan atama keng qoʻllanila boshladi. Aytgancha, “Vudu” soʻzi fon tilidagi Vodun – “ruh” soʻzidan kelib chiqqan.
Marosimlar va “narigi dunyo”
Haqiqiy hayotda Vudu – bu ruhlar bilan muloqot tizimi. “Loa” deb ataluvchi ruhlar – yaxshisi ham, yomoni ham – qurbonliklar va sovgʻalar talab qiladi. Kohinlar (ougan) va shamanlar(mambo)lar murakkab marosimlar oʻtkazishadi – raqsga tushib, qoʻshiqlar kuylab uvillashadi, tovuqlarning boshini uzib, qonini oqizdirib, oʻz ilohlariga qurbonlik keltirishadi. Aslida bularning barchasi yomonlik uchun emas, balki ruhlar bilan kelishuv va barqaror munosabatlar oʻrnatish uchun qiladi.
Biroq Vuduning qorongʻi tomoni ham bor. Zarar yetkazish uchun oʻtkaziladigan marosimlar – sehr-jodu, kasallik yuborish yoki hatto dushmanni oʻldirish usullari ham mavjud. Bunday sehrgarlar “bokor” deb ataladi va ular dushmandan qasos olish yoki uning irodasini sindirib, oʻz manfaatiga xizmat qildirish yoki “sevdirish uchun sehr bilan shugʻullanishadi. Aynan shu faoliyat “Qora vudu sehri” haqidagi afsonani paydo qilgan.
Vuduning ommalashuvi
Afrika xalqlarining eʼtiqodi va madaniyati haqidagi dastlabki maʼlumotlar aynan nasroniy missionerlar va mustamlakachilar tomonidan yozib olingan. Ular butun afrika madaniyatiga dahshatli va yomonlik qiyofasini berishgan. Bu esa keyinchalik qul savdosining axloqiy muammolarini yengillashtirgan. Ayrim nasroniy ruhoniylari hatto qullarning ruhi yoʻq, ular uchun doʻzax va jannat yoʻq, ularni ishlatish va oʻldirish mumkin, deya fatvo berib yuborishgan. Keyinchalik paydo boʻlgan stereotiplar bekordan-bekor chiqqan emas, ular maʼrifat davrida ham saqlanib qolgan va ilmiy institutlarda ayni shunday tarzda talqin qilingan.
Maorif davri va undan keyingi Fransuz inqilobi cherkovning liberalizm bilan kurashida oʻz pozitsiyasini yoʻqotishiga olib keldi va uni ayblovchi subʼektdan ayblanuvchi obʼektga aylantirdi. Shuning ortidan afrika anʼanaviy eʼtiqodlarini vuduga aylantirishning yangi bosqichi boshlandi.
Bu jarayon Mari Lavo nomi bilan bogʻliq. U Luizianada Vuduni ommabop va manfaatli eʼtiqodga aylantirgan. Lavo katolik boʻlgani uchun Gʻarbiy Afrika mistik-diniy urf-odatlari bilan nasroniy taʼlimot oʻrtasida koʻp umumiy jihatlar borligini payqagan boʻlsa kerak. U ikki dinni shunday uygʻunlashtirdiki, hosil boʻlgan sinkretik diniy kult hatto odatda “befoyda fantaziyalar”ga ahamiyat bermaydigan oq tanlilar ham qiziqib qolishdi.
Lavo vudu marosimlarini raqslar va karnavallar bilan katta shoularga aylantirgani uchun uning tomoshalariga mahalliy elita vakillari tez-tez keladigan boʻlgan. Koʻp oʻtmay, uning boy va nufuzli mijozlari paydo boʻlgan, ular “oliy kuchlar” yordamiga muhtoj edilar. Oliy kuchlar ularga yordam berishiga chin yurakdan ishonishar edi. Lavo shuningdek, vudu dinining “Luiziana vudusi” deb ataluvchi yoʻnalishining asoschisi hisoblanadi. U oʻziga xos ochiq va hashamatli marosimlari bilan ajralib turadi. Lavoning saʼy-harakatlari Yangi Orleanni vuduning norasmiy poytaxtiga aylantirdi. Bu shahar hanuzgacha sayyohlarni sehrgarlik mavzusi bilan oʻziga jalb etib keladi.
Vudu amaliyoti
Anʼanaga koʻra, vudu sehrgarining sirli quvvati turli ruhlar – elementallardan olinadi. Ular bilan aloqada boʻlish va quvvat olish uchun sehrgar ularga qurbonliklar qiladi. Ammo, odatda, ruhlar oʻzlari kim bilan ishlashni oʻzlari tanlashadi. Agar ruh sehrgarning avlodini tanlasa, u oʻz quvvatini oʻgʻli-qiziga oʻlmasidan oldin yetkazib qoʻyadi. Agar u yetkazishga ulgurmasa, u qiynalib oʻlib, bu haqda uning qishlogʻi tezda xabardor boʻladi. Chunki uning oʻlimiga turli sirli hodisalar, masalan, uyiga yorugʻlik urushi (chaqmoq) sabab boʻlishi mumkin.
(Shu oʻrinda yurtimizda ayrim kinnachi va folbinlarning “qoʻl berishi” – oʻz “qobiliyati”, jinlari yoki bobolari (ruhlarni) oʻz bolalari yoki shogirdlariga meros qoldirib oʻlishi ham yodga tushadi. Ammo aytish kerak, bunday kasb egalarining umr oxiri va oʻlimi koʻpincha xorlik va sharmandalik bilan yakunlanadi).
Sehrgar quvvatini buyumlarga oʻtkazishi mumkin va u buyumlar sehrli xususiyatlarga ega boʻladi, sehrgarning maqsadiga qarab yordam (shifo) yoki zarar berishga qaratiladi. Yevropaliklar mahalliy aholining shunday “sirli xususiyatli buyumlar”ga boʻlgan ishonchini koʻrib, ularni “fetish” deb atashgan.
Simpatik sehr va Vudu qoʻgʻirchogʻi
Vudu amaliyoti simpatik sehrga asoslangan. Bu faqat vuduistlar emas, mashhur oʻrta asr tabibi va alkimyogari Paratsels ham foydalangan uslub.
Simpatik sehr – bu oʻxshashlik yoki fizik aloqa asosida buyumlar oʻrtasida sehrli bogʻlanish paydo boʻladi degan gʻoyaga qurilgan ishonch. Bu ibtidoiy jamiyat davridan beri amal qilib kelgan. Bu nazariyaga koʻra, inson (mikrokosm) va koinot (makrokosm) oʻzaro bogʻliq. Inson tanasining ayrim moddalari (qon, soch, tirnoq) ajralib chiqqandan keyin ham tana bilan koʻrinmas bogʻlanishni saqlab turadi.
(Bekorga “oʻzbekchilik”da kattalar “tirnoq-sochni har joyga tashlama, yigʻib, koʻmib qoʻy” demas ekan. Ayrim eʼtiqodlar boʻyicha, jinlar va “issiq-sovuqchi”lar bularni olib ketib, sehr uchun foydalanishar emish).
Shu moddalarga taʼsir qilish orqali qora sehrgar qurbon sifatida tanlangan inson hayotiga taʼsir koʻrsatishi, uni oʻz ixtiyoriga boʻysundirish, kasal qilish yoki hatto oʻldirishi mumkin emish.
Shuningdek, ayrim moddalar va buyumlar sehrgar qoʻygan energetik zaryadni oʻzida saqlay oladi, deb. Masalan: kristalllar, tuzlar, shakar, sham yoki mum (shuning uchun Vudu qoʻgʻirchogʻi mumdan yasaladi). Zaryadni buyumga involtatsiya yoʻli bilan oʻtkazish mumkin. Sehrgar ipni buyumga oʻrab uni zaryadlaydi. Keyin uni sehr obʼekti boʻlgan joyga, masalan, uyning ostonasi ostiga yashirib qoʻyadi.
Shu tariqa eng mashhur “qoʻrqinchli” obraz – Vudu qoʻgʻirchogʻi sahnaga chiqadi. Ommaviy madaniyatda u doimo qiynoq va oʻldirish vositasi. Ammo aslida qoʻgʻirchoqlar shifo berish uchun ham ishlatiladi: goʻyoki xastalik bemor tanasidan sugʻirib olinib, qoʻgʻirchoqqa oʻtkaziladi. Ayrim kohinlar bu “ifloslangan” qoʻgʻirchoqni yoqib yuborishadi yoki koʻmib tashlashadi. Ayrim jodugarlar esa xastalik oʻtkazilgan bu qoʻgʻirchoqni boshqalarga sovgʻa qilishadi, uylariga tashlab qoʻyishadi, bolalariga berishadi yoki sayyohlarga sotishadi. Goʻyoki bu qoʻgʻirchoqni olgan inson undagi xastalikni yoki jinlarni ham qabul qilib oladi va xasta yoki jinni odam batamom tuzalib ketadi.
Lekin Vudu qoʻgʻirchogʻi asosan qora sehr uchun ishlatiladi. Jabrlanuvchining oʻxshashi qilib qoʻgʻirchoq yasaladi. Uning yuz oʻrniga surati yopishtiriladi. Jabrlanuvchining biologik namunalari (tupuk, siydik, chiqindilar, tirnoqlar, sochlar va h.k.) solinadi. Keyin qoʻgʻirchoqning biror aʼzolari sindiriladi yoki ignalar qadaladi. Natijada jabrlanuvchining ham shu aʼzolari sinadi yoki xastalanib ogʻriydi, goʻyoki.
Vudu qoʻgʻirchogʻi va shunga oʻxshash marosimlar boshqa xalqlar va madaniyatlarda, masalan, muhabbat sehrida (“issiq-sovuq” qilishda) ham ishlatiladi. Bu haqda keyingi maqolalarimizda oʻqishingiz mumkin.
Afsona va haqiqat chegarasi
Shunday boʻlsa-da, afrikancha sehrgarlik amaliyotlari orasida eng mashhur va mashhur boʻlgani – aynan vudu bilan bogʻliq qora sehrdir. Harvard tibbiyot maktabi doktori Uolter Kennon oʻzining “Vududan oʻlim” nomli maqolasida taʼkidlashicha, 1587 yildan boshlab qora sehr orqali oʻlim holatlari kuzatilgan va guvohlar tomonidan batafsil oʻrganilgan. U holatlarning aksariyatida qurbonlar juda tezda halok boʻlgan, xuddi “u insondan hayot kuchi suv kabi oqib chiqqanday» boʻlgan.
Bu fenomenning mantiqiy tushuntirilishi – mahalliy aholi orasida sehrga ishonish darajasining yuqoriligi bilan bogʻliq. Odam oʻzini qargʻish qilingan deb bilsa, ruhan zaiflashadi va tanadagi barcha tizimlar sinovga duch keladi. Bunga isbot sifatida, oʻzini sehr qurboni deb bilgan bemorlarni platsebo usuli bilan muvaffaqiyatli davolash holatlari keltirilgan.
Ammo aborigenlar bunga boshqacha qaraydi. Masalan, vanyakusa xalqining eʼtiqodiga koʻra, qora kuch baʼzi insonlar qornida yashaydigan pitonga oʻxshash shakldagi jonzotdir. U irsiy tabiatga ega, lekin baʼzan uni boshqalarga ham oʻtkazish mumkin. Azande qabilasi vakillari esa bu kuch jigarning chetida oʻsadigan ignasimon shaklga ega deb hisoblashadi.
Afrikaning koʻp xalqlari ishonishicha, har bir sehrgarning “energetik soyasi” mavjud boʻlib, u odamlarning tushiga kirib, ularning hayot kuchini oʻgʻirlaydi. Baʼzan u bunga sheriklari bilan kirishadi. Qora sehr orqali yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar turli koʻrinishlarda boʻlishi mumkin, ammo asosiy maqsad doim bir – hayot kuchini soʻrib olish!
Janubiy Kamerundagi pangve va kosi xalqlari, masalan, odam oʻlgach, uning jasadini tekshirib, uning oʻlimiga sehr sabab boʻlgan-boʻlmaganini aniqlashni odat qilishgan.
Bugungi kunda Vudu – tirik anʼana. Haitida millionlab odamlar uni ochiqcha amalga oshirishadi. AQShda Luiziana Vudusi bilan shugʻullanuvchi ibodatxonalar bor. Hatto Yevropada ham jangarilar va vudu jamoalari paydo boʻlmoqda. Har yerda asosiy bahs bitta: madaniyat bilan xurofot, eʼtiqod bilan sehr oʻrtasidagi chegara qayerda?
Bugungi Vudu
1957 yilda shifokor Fransua Dyuvale Haiti prezidenti etib saylandi. U Michigan universitetida ikki oylik amaliyot oʻtagan edi. Dyuvale oʻzini vudu sehrgari deb eʼlon qildi – bu orqali u xalq orasida obroʻ orttirish va oʻz shaxsiyatiga nisbatan mistik qoʻrquv uygʻotmoqchi boʻldi. Aslida esa u hurmatni davlat terrorining yordamida qoʻlga kiritgan.
Diktatorlik vakolatlariga ega boʻlgan Dyuvale vuduga avvalgi maqomini qaytardi va uni hokimiyat legitimligi uchun ijtimoiy tayanch sifatida shakllantirishga zamin yaratdi. Fransua vafotidan keyin uning ishini oʻgʻli Jan-Klod Dyuvale davom ettirdi. 2003 yilda esa Vudu Haitining rasmiy dini sifatida eʼtirof etildi.
Vudu taʼlimoti shu kabi yoʻlni oʻz vatani Afrikada ham bosib oʻtdi. 1991 yilda Beninda Nisefor Soglo prezident etib saylandi. Koʻp oʻtmay u ogʻir kasallikka chalinib, falaj boʻldi. U Vudu sehrgari tomonidan shifo topgan deb hisoblanadi. Minnatdorlik ramzi sifatida Soglo Vuduni Beninda nasroniylik va islom bilan barobar rasmiy din deb eʼlon qildi.
2006-2016 yillarda prezident boʻlgan Tomas Yai Boni ham vudu kohinlari yordamida saylovchilar ehtiromini qozongan.
2008 yilda Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozining advokati uning “qoʻgʻirchogʻi”ga zarar yetkazish boʻyicha yoʻriqnoma ilova qilingani uchun ushbu Vudu qoʻgʻirchoqlarini sotuvdan olib tashlashni talab qilgan.

AQShda prezidentlik saylovlari arafasida, tabiiyki, Donald Tramp qiyofasidagi vudu qoʻgʻirchoqlari paydo boʻldi.

Ruandada esa mahalliy futbol musobaqalarida oʻz sevimli jamoasini “sehr orqali” gʻalaba qildirish taqiqlanganiga bir yil boʻldi.

Rossiyada Anton Simakov ismli vudu ustasi 2014 yilda jurnalistlar huzurida tovuqning boshini kesib, uning qoni bilan cherkov pardalarini “tabarruk” qilgani uchun jinnixonaga tiqib qoʻyildi. 2020 yili esa koʻp yillik algokolizm asoratlaridan vafot etdi.
Shu tariqa Vudu ommaviy madaniyat elementiga aylanib bormoqda. Endi har qanday odam dushmanining qoʻgʻirchogʻini yasab, unga igna qadab, oʻz uyida istagan marosimni oʻtkazishi mumkin. Bu uchun maxsus bozorlarga borishning oʻzi kifoya: u yerda jodugarlik uchun zarur boʻlgan barcha narsalar – oʻsimliklardan tortib, hayvon boshigacha sotiladi.
XULOSA: tubsizlikka nazar
Vudu – bu inson ruhiyatining oynasi. U shafqatsiz, qasoskor, qoʻrqinchli boʻlishi mumkin. Lekin uning qaʼrida shifo topish, ajdodlar bilan muloqot qilish va maʼno izlash istagi ham yashaydi.
Vududan qoʻrqish – bu insonning oʻz ichki soyasidan qoʻrqishidir. Chunki Vududagi jodu va sehr – bu qargʻish va laʼnat emas, balki inson taqdirini idora qilishga boʻlgan harakatning naqadar uzoqqa borishi mumkinligini koʻrsatuvchi dalil xolos. Shu bois Vuduni qoʻrqinchli sir deyish biroz notoʻgʻri. Zero insonning eng qoʻrqinchli sirlari – bu oʻzi haqidagi sirlaridir...
Abulfayz Sayidasqarov