Bokuda "Oʻzbekiston" bogʻiga tamal toshi qoʻyildi
Bogʻ hududida Oʻzbekiston meʼmoriy obidalari nusxalari, sayilgohlar, yashil hududlar, mehmonxona va koʻngilochar maskanlar tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Boku shahrida "Oʻzbekiston" bogʻiga tamal toshi qoʻyishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Yangi bogʻ poytaxtning nufuzli va jadal rivojlanayotgan "Oq shahar" mavzesidan oʻrin oldi.
Loyihaga koʻra, 4,5 gektar maydonda Oʻzbekistonning boy madaniyati va anʼanalarini namoyish etadigan ulkan majmua barpo etiladi.
Bogʻ hududida yurtimiz meʼmoriy obidalari nusxalari, sayilgohlar, yashil hududlar, mehmonxona, turli xil savdo va koʻngilochar maskanlar tashkil etiladi. Binolar qurilishi va bezagida oʻzbek milliy meʼmorchiligi anʼanalari hamda naqshlaridan foydalaniladi.

Marosimda ikki davlat rahbarlari birgalikda bogʻ poydevoriga ramziy kapsula qoʻyib, ushbu muhim loyiha qurilishini boshlab berdilar.
Avvalroq Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasida toʻqqizta hujjat imzolangandi.