Tramp Ukrainaga qurol yetkazib berishni bir necha oyga toʻxtatmoqda
AQShning Kiyevga yangi yordam, xususan Patriot havo mudofaa tizimlarini yetkazib berishi ham soʻroq ostida qolmoqda.

Qoʻshma Shtatlar Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya snaryadlari va raketalarni yetkazib berishni bir necha oyga toʻxtatmoqda.
Prezident Donald Tramp boshchiligidagi Amerika maʼmuriyati qarori haqida The New York Times xabar bermoqda.
“Prezident Tramp Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlarining ayrimlarini, shuningdek, bomba va raketalarni yetkazib berishni toʻxtatib qoʻydi va bu Pentagonning AQShdagi bu qurollar zaxiralari haddan tashqari kamayib borayotganidan xavotirga tushdi.
Ayrim rasmiylar oʻq-dorilar bir necha oy davomida Kiyevga yetkazib berilmasligini aytishdi”, — deb yozadi gazeta.
Pentagon rasmiylariga koʻra, Vashington Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun tutqichlar, aniq artilleriya snaryadlari va Ukraina harbiy-havo kuchlari Amerika F-16 qiruvchi samolyotlaridan uchirayotgan raketalarni yetkazib berishni toʻxtatmoqda.
25 iyun kuni Tramp Kiyevga yangi yordam, xususan Patriot havo mudofaa tizimlarini yetkazib berish haqidagi savolga javob berdi. Uning taʼkidlashicha, bu turdagi qurol birinchi navbatda AQSh va Isroilga kerak.
Shuningdek, Oq uy rahbari Vashington Ukrainaga yangi yordam paketi ajratadimi yoki yoʻqmi, degan savolga aniq javob bermadi.