platina.uz
Siyosat

Oʻzbekiston va Ozarbayjon rahbarlari Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishini oʻtkazdilar

Boku shahrida "Oʻzbekiston" bogʻi qurilishiga start beriladi va mamlakatning Ozarbayjondagi elchixonasi yangi binosi ochiladi.

Oʻzbekiston va Ozarbayjon rahbarlari Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishini oʻtkazdilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev "Zagulba" qarorgohida tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishini oʻtkazdilar.

Oʻzbekiston-Ozarbayjon doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida kooperatsiya va almashinuvlarni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Prezidentimiz bu galgi davlat tashrifi va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishi mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda oʻtayotganini alohida taʼkidladi.

- Munosabatlarimiz tarixda hech qachon bugungidek yuksak darajada boʻlmagan, - dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Prezidentlar koʻp qirrali hamkorlik barcha darajalarda jadal rivojlanib borayotganini qayd etdilar. Kecha Xiva shahrida birinchi Parlamentlararo forum boʻlib oʻtdi. Bokuda Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va Hududlar forumi samarali oʻtdi. Yaqinda Andijonda ilk bor rektorlar forumi tashkil etilib, 60 dan ortiq shartnoma imzolandi. Ozarbayjonning "Shirvon" ansambli Xiva baxshichilik festivali gran-prisini qoʻlga kiritdi.

Iqtisodiy kooperatsiya yilida tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oshdi. Loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetgan. 300 ga yaqin qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda.

Tashrif davomida Boku shahrida "Oʻzbekiston" bogʻi qurilishiga start beriladi va mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchixonasi yangi binosi ochiladi.

Parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar va hududlar darajasidagi amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Xalqaro tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari atroflicha koʻrib chiqildi. Sanoat, infratuzilma, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, turizm, bank va boshqa sohalardagi loyihalarni oʻz ichiga olgan alohida Kooperatsiya dasturi qabul qilinayotgani taʼkidlandi.

Qoʻshma investitsiya kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi qayd etildi. Tadbirkorlar kengashi hamda Sanoat va iqtisodiy zonalar forumi kabi hamkorlikning yangi formatlari qoʻllab-quvvatlandi.

Transport-kommunikatsiya sohasidagi sheriklikka alohida eʼtibor qaratildi. Oʻrta yoʻlakni rivojlantirishda ishtirok etish loyihalari muhokama qilindi.

Ushbu yoʻlak orqali tashilayotgan Oʻzbekiston yuklari hajmi 25 foizga - 1 million tonnadan ziyodga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bundan tashqari, joriy yil mart oyidan boshlab yuk tashishda elektron ruxsatnomalarga oʻtish taʼminlandi.

Shuningdek, Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish boʻyicha qoʻshma loyihani tayyorlashni jadallashtirishga kelishib olindi.

Diplomatik munosabatlar yubileyini munosib nishonlash maqsadida tomonlar joriy yilning kuzida qator qoʻshma madaniy va yoshlar tadbirlarini oʻtkazishga kelishib oldilar.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Majlisda Hukumatlararo komissiya hamraislari, transport, energetika va madaniyat vazirlarining muzokaralar kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha "yoʻl xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.

Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyevning tashrifi 4 iyulgacha davom etadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid