Narkojinoyatlarning ayanchli oqibatlari namoyish etildi
Oʻzbekiston davlat satira teatrida “Totli roʻyolar” nomli spektakli namoyishi boʻlib oʻtdi.

2 iyul kuni Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi tashabbusi bilan Oʻzbekiston davlat satira teatri tomonidan giyohvandlik va narkojinoyatlarning ayanchli oqibatlarini yorituvchi “Totli roʻyolar” nomli spektakli namoyishi boʻlib oʻtdi.
Spektakl bugungi kunda butun dunyoda tobora avj olib borayotgan giyohvandlik oqibatlariga va bu baloning gʻam-kulfatlari, fojialari hamda yoʻqotishlariga bagʻishlangan boʻlib, bosh qahramonlar ushbu illatga giriftor boʻlgan yoshlardir.
Mazkur spektakl orqali yoshlarga bu yoʻlga kirishning ayanchli oqibatlari, narkotiklar nafaqat ularni suiisteʼmol qilgan insonni, balki uning yaqinlari hayotini ham doʻzaxga aylantirib yuborishini koʻrsatib berish maqsad qilingan.
Bundan tashqari, yoshlarning manfur kimsalar aldoviga tushib qolmasliklari va narkojinoyatchilarning toʻriga ilinmasliklari uchun hamisha ogoh va hushyor boʻlishlari naqadar zarur va shart ekanligi tomoshabinlarga hayotiy misollar, achchiq saboq sifatida xizmat qiladigan fojialar bilan namoyish etildi.
Tadbir davomida tomoshabinlarga 4 xil namunadagi (yoshlar, ota-onalar va ustozlar uchun eslatmalar, shuningdek, narkojinoyatlarning huquqiy oqibatlari toʻgʻrisida) flayerlar tarqatildi.