platina.uz
Jamiyat

Aholidan chiqindi uchun undirilgan 2 mlrd soʻm qaytariladi

Raqobat qoʻmitasiga xonadonlardan chiqindi tashib ketilmayotgani, aholi soniga mos ravishda toʻlov belgilanmasligi va boshqalar yuzasidan shikoyatlar kelib tushgan.  

Aholidan chiqindi uchun undirilgan 2 mlrd soʻm qaytariladi

Aholidan chiqindi uchun undirilgan milliardlab pul qaytariladi.

Joriy yilda Raqobat qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalariga chiqindi tashish xizmati boʻyicha fuqarolardan koʻplab norozilik murojaatlari kelib tushdi.

Xususan, Fargʻona viloyatining Quva tumanidan tushgan oʻndan ortiq murojaatlar tahlil qilinganda, xonadondan chiqindi tashib ketilmayotgani, aholining aniq soniga mos ravishda toʻlov belgilanmasligi va xizmatlarning belgilangan grafikda koʻrsatilmasligi holatlari aniqlandi. Misol uchun, 2 nafar fuqaro istiqomat qilayotgan xonadondan chiqindi tashib ketilmagan va bundan tashqari hisob-kitobda 5 kishi uchun haq undirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan Qoidaga asosan xizmat koʻrsatuvchi tashkilot maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishning tartibi va tariflarining oʻzgarganligi toʻgʻrisida ushbu tariflar kuchga kirishidan oʻn besh kun avval xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning stendida, eʼlonlar taxtasida eʼlonlar osish yoʻli bilan, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali isteʼmolchini xabardor qilishga majburligi belgilangan.

Biroq “Tozalik Sanitar Servis” MChJ tomonidan yangi tariflar aholiga oʻz vaqtida eʼlon qilinmagan holda qoʻllanilgan. Shu tufayli 2024–2025 yillar mobaynida Quva tuman filiali tomonidan yuqori tarif qoʻllanilishi natijasida 264 mln soʻmdan ortiq, Fargʻona shahar filiali tomonidan 17 mln soʻmga yaqin mablagʻlar ortiqcha hisoblanganligi aniqlandi.

Shuningdek, Quva tumanidagi Baynalminal, Jalayer, Iftixor, Katta Qashqar, Mustaqillik, Namuna, Sufi MFYlariga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi 95-sonli qaror talablari asosida xizmat koʻrsatilmaganligi natijasida 1.7 mlrd soʻmdan ziyod ortiqcha mablagʻ hisoblanganligi maʼlum boʻldi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Fargʻona viloyatida bugungi kunda chiqindilarni tashish xizmatidan aholidan jami 2 mlrd soʻmdan ortiq haq undirilganligi alomatlari mavjudligi aniqlanib, asossiz undirilgan mablagʻni isteʼmolchilarga qaytarish boʻyicha koʻrsatma berilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid